Bugun 7 iyun, 2025 yil, shanba

КИР

Risoladagi er

A A A
Risoladagi er

Jamiyat hayotining ravnaqi, darajasi, sifati ko‘p hollarda oilaning qay darajada hayotga qobilligida namoyon bo‘ladi. Jamiyat oilalarning majmuidir. Shuning uchun jamiyatning ahvoli bilan oilaning holi bir-biriga chambarchas bog‘liq. Shunga ko‘ra jamiyatdagi norasoliklar to‘g‘ridan-to‘g‘ri oilaga yoxud oiladagi illatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri jamiyatga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Har bir ajralish, har bir zahil rang, ko‘zi ma’yus bola, har bir yolg‘iz erkak, har bir ko‘zi yoshli ayol jamiyatning dardidir. Oila ildizsiz bo‘lmaydi. O‘zbek oilalarining o‘z qadim an’ana, udum, ildizlari – o‘ziga xosliklari mavjud. Bu ildizlar hozirga kelib, qirqilib ketmayaptimi? Nega ajralishlar tobora ko‘payib boryapti? Bular haqida o‘ylamay, iloj yo‘q. Redaksiyaga kelayotgan tashvishli xatlarning yarmidan ko‘pi ham oilaviy talafotlar haqidadir. Inson bo‘lish bir san’at bo‘lganidek, oilani yuritish ham san’atdir. Quyida Muftiy Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning oila va unda erning vazifalariga oid fikrini e’tiboringizga havola qilamiz.

 

Bismillahir rohmanir rohiym

 

Hozirgi kunda hayotning – umrguzaronlikning ko‘p sohalarida insoniy aloqalar nihoyatda izdan chiqib ketgan va bu narsa ozayish o‘rniga tobora ko‘payib borayotganligi haqida matbuot, televideniya, radio, anjumanlar, umuman, oddiy odamlar o‘rtasida ko‘p gaplar aytilib turibdi. Ushbu ma’naviy tanazzulning sababi nimada? Uning oldini olish mumkinmi?

Insoniy aloqalar ichida eng muqaddasi nikoh aloqasi – er-xotin orasidagi aloqa ekani qadim zamonlardan buyon ma’lum. Bu haqda Islomning asl manbalarida qayta-qayta ta’kidlab aytilganligi bejiz emas. Jamoatchilik guvoh qilib o‘rnatilgan aloqa, albatta, muqaddas bo‘ladi-da.

Bu aloqaning barakasi kelin-kuyovning yaqin kishilari, qavmu qardoshlari bir-birlari bilan qarindosh-urug‘ bo‘lishlari va qolaversa, yangi nasl shajarasiga asos solinishi bilan yanada ziyoda bo‘ladi.

Nikoh bilan qurilgan oilaning saodati va bardavomligi esa, ham er, ham xotin tarafidan bo‘ladigan tasarruflar va ularning bir-birlariga munosabati, odobi, axloqi, shaxsiy xususiyatlariga chambarchas bog‘liqdir.

Hozirgi paytda «Nikoh va oila qanday bo‘lishi kerak, unda erning o‘rni qanday-u, ayolning vazifasi nimalardan iborat?» degan savollar ustida kishilar ko‘p o‘ylanmoqdalar. Xususan, saylovchilar bilan bo‘layotgan hisobot uchrashuvlarida ham mazkur mavzu o‘rtaga tez-tez tashlanib, masalaning chigal tomonlarini yechish borasida turli savollar berilmokda. Bu, avvalo, yechilmagan oilaviy masalalar ko‘payib, ko‘pchilikni tashvishga solayotganidan dalolat bersa, ikkinchidan, oddiy kishilarimiz ham bu muammolarni hal qilishga yo‘l axtarayotganlarini ko‘rsatadi.

Ana shularning baribir bo‘ldi-yu, kaminani qo‘lga qalam olishga undadi. Menimcha, biror kishi bu masalani muhokama qilishga qarshi bo‘lmasa kerak.

Bugungi kundagi oilaviy mojarolar, ajralishlar va boshqa ko‘plab turmush muammolarining turli sabablari bor. Fikri ojizimcha, bosh sabablardan biri – ikki taraf ham o‘z haddi, o‘z chegarasini bilmaganligi va o‘z burchini sidqidildan ado etmaganligidir. Ko‘pdan beri oilaviy kelishmovchiliklar haqida keraklicha aytilmoqda, yozilmoqda, lekin risoladagi er va xotin qanday sifatu hislatlarga ega bo‘lishi kerakligi haqida hamma ham yetarlicha tasavvurga ega, deb aytish qiyin. Kishilar ongida esa bu masalada turli qarama-qarshi, bir-biriga zid fikrlar o‘rnashib qolgan. To‘y vaqtida va oilaviy hayotning boshlanishida kelin-kuyovga yaqinlari qanday qilib bo‘lsa ham umr yo‘ldoshini «gah desa qo‘lga qo‘nadigan qilib olish kerakligi» haqida maslahatlar berishadi. Bunday maslahatlar ko‘pincha maslahatgo‘yning o‘ta tor, bachkana tajribalariga asoslangan bo‘ladi. Ya’ni qo‘polroq qilib aytganda, o‘ziga yeng bo‘lolmagan boshqa birovga en bo‘lgisi keladi. Unday «jaydari» maslahatlarni o‘ylasang, uyalib ketasan. «Aslida er oilada qanday bo‘lishi kerak?» degan savolga mazkur «maslahatlar» hech qachon javob bo‘la olmaydi. Aksincha, oilada aloqalarning keskinlashuviga sabab bo‘ladi.

Oila aloqalari asrlar davomida katta tajribalar asosida qaror topadi, uzoq davr mobaynida shakllanadi. Har bir millatning tarixan shakllangan o‘z oila hayoti bor.

Oilaviy aloqalarning ko‘ngildagidek kechishida erning o‘rni, xalqimizning qarashlarida, «bosh o‘rin» ekanini e’tiborga olib, risoladagi erning sifatlari haqida madaniy-ma’rifiy durdonalardan foydalangan holda fikr yuritmoqchimiz.

Ta’kidlab aytish lozimki, diniy gaplar yoki dindorlarning so‘zi koni zarar, degan eskicha gaplarni qo‘yib, hurfikrlik, so‘z erkinligi va inson foydasi uchun hamkorlik davri – qayta qurish davrida bizga ham bemalol fikrlashishga imkon berilganligidan xursandmiz. O‘z fikrimizni hech kimga majburiy tarzda singdirmoqchi emasmiz. Har bir kishi hur, turli maqom, turli darajadagi fikrlar bilan tanishsin, o‘zi ham fikrini aytsin, xohlaganini qabul qilsin.

Islom manbalarida ta’kidlanadiki, erning muhim sifatlaridan biri oila boshlig‘i ekanidir.

Ma’lumki, har bir jamiyatning rahbari bo‘ladi. Rahbari bo‘lmagan jamiyatning jamiyatligi qolmaydi. Oila ham kichik bir jamiyat. Unda jamiyatning barcha belgilari kichkina ko‘rinishda mavjud. Oila hayotida boshliq vazifasini er ado etishi kerakligini hozirgi kunda barcha xalqlar bir ovozdan tasdiqlaydilar.

Islomda erning oiladagi bu rahbarligiga «mas’uliyat» deb qaraladi. Lekin oila boshlig‘i degani, ba’zilar xayol qilganidek, oilaning boshqa a’zolariga jabr-zulm o‘tkazish, «deganim degan» yo‘sinida «hokimi mutlaq» bo‘lish emas. Oila boshlig‘i sifatida, uning hamma tarafdan barkamol, saodatli, tinch-omon bo‘lishiga er mas’uldir.

Hadisi sharifda aytilganidek:

كُلُّكُمْ رَاعٍ وَكُلُّكُمْ مَسْؤُلٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ.

 

«Barchangiz rahbarsiz va barchangiz o‘z qo‘l ostidagilarga mas’uldir».

Oiladagi erning vazifalaridan yana bir eng muhimi – xotinning haqlarini to‘la ado qilishdir. Xotinning erdagi haqqi esa anchagina. Shulardan biri uni doim yetarli rizq-ro‘z bilan ta’minlashdir. Bu ish erning kundalik vazifasi bo‘lishi bilan birga, ma’naviy jihatdan eng xayrli va koni savob ishlar qatoriga kiradi.

Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan hadisda:

وَإِنَّ أَكْلَ امْرَأَتِكَ مِنْ طَعَامِكَ صَدَقَةٌ، وَإِنَّ نَفَقَتَكَ عَلَى أَهْلِكَ صَدَقَةٌ.

«...va xotiningning taomingdan yegani ham sadaqadir va ahlingga qilgan nafaqang ham sadaqadir…», deyilgan.

Boshqa bir rivoyatda esa:

فَإِنَّكَ تُؤْجَرُ فِيهَا حَتَّى اللُّقْمَةَ تَرْفَعُهَا إِلَى فِي امْرَأَتِكَ.

«Xotiningning og‘ziga tutgan luqmada ham sen uchun savob bor», deyiladi.

Eng muhimi, bu taomlar haloldan topilgan bo‘lmog‘i darkor. Birovning haqqi, pora, kazzoblik, o‘g‘rilik va boshqa harom-harish yo‘llardan topilgan ta’minot oilada bo‘lmasligi shart. Harom yeyish harom yurish bilan barobardir.

Avvallari momolarimiz rizq-ro‘z topish uchun jo‘nab ketayotgan erlariga: «Harom kasb qilmang. Allohdan qo‘rqing. Biz ochlik-nochorlikka chidaymiz, lekin do‘zaxning azobiga chiday olmaymiz», – der ekanlar.

Er o‘zi yegan ovqatdan xotiniga ham yediradi. Buni alohida ta’kidlab aytishga to‘g‘ri keladi. Ba’zi erlar o‘zlari oshxo‘rliklarda ovqatning sarasini yeb, uyga kekirib kiradilar. Oilaning yeb-ichishi bilan ishlari bo‘lmaydi. Ehtimol, bu mayda gap bo‘lib tuyular. Lekin «Teng yeganni teng suyibdi» degan so‘z oila uchun ham aytilgandir. To‘g‘ri, butun oilaning ta’minoti er boshida bo‘lgach, u sarf qilgan kuch-quvvatiga yarasha o‘zini tiklashi ham, albatta, zarur. Ayollar bunga alohida e’tibor berishlari lozim, lekin bu xudbinlik bilan bo‘lmasligi kerak.

Xotinni kiyintirish ham ta’minotning muhim bir qismi va u ham Islomga ko‘ra, erning vazifasidir. Har bir aqli raso er, o‘z imkoniyatiga qarab, haddan tashqari oshirib yoki kamitib qo‘ymay, xotinini kiyim-kechak bilan ta’minlashi shart.

Agar er muttasil baxillik qilsa, xotin uning ruxsatisiz o‘ziga keragini olsa bo‘ladi. Bir misol:

Hind ismli ayol Payg‘ambar alayhissalomga eri Abu Sufyondan shikoyat qilib: «Erim Abu Sufyon baxil odam, menga va bolamga yetarli narsa bermaydi», – deganda, u zoti bobarakot: «O‘zingga va bolalarga yetarlisini insof bilan olaver», – deganlar.

Bunga Qodiriyning «Mehrobdan chayon» romanida ham ibratli misollar bor.

Xotinga odob-axloq o‘rgatish ham erning muhim vazifasidir. Agar xotindan ba’zi odobsizliklar o‘tsa, er yaxshilik bilan tarbiya qiladi va adab choralarini qo‘llaydi.

Aqli raso, vijdonli er o‘z xotini bilan totuvlikda, inoqlikda yaxshi yashaydi. Oilaviy hayot er‑xotin orasidagi sheriklik hayotidir. Agar ikki taraf ham bir-biriga yaxshi munosabatda bo‘lmasa, bu sheriklikka putur yetishi, oila buzilishi mumkin.

Qur’oni Karimning «Niso» surasida shunday deyiladi:

«…va ular ila yaxshilikda yashang. Agar ularni yoqtirmasangiz, ajab emaski, Alloh siz yoqtirmagan narsada ko‘pgina yaxshiliklarni qilsa» (19-oyat).

Risoladagi er, o‘z xotinidan ba’zi xatolar o‘tganda, uni kechiradi. Xotini bilan muhabbat, hurmat, odob, axloq asosida muomala qiladi, shirinsuxan, ochiq chehra, ko‘ngli keng bo‘ladi. Er o‘z xotinining ayblarini berkituvchi bo‘ladi. Shuningdek, xotin ham o‘z erining ayblarini berkituvchi bo‘ladi.

Alloh taolo «Baqara» surasida shunday deb marhamat qiladi:

«Ular (xotinlar) sizga libosdirlar, siz ularga libosdirsiz» (187-oyat).

Qadimgi rivoyatlardan birida xotini bilan noiloj ajrashishga majbur bo‘lgan erdan xotinining aybini so‘rashganda: «Birovning aybini so‘rab nima qilasizlar? Agar men u bilan qayta yarashib ketsam, o‘z xotinimning aybini birovlarga fosh qilgan bo‘laman, yarashmasam, begona bir ayolning aybini fosh qilgan bo‘laman. U ham, bu ham odobdan emas», – degan ekan.

Ko‘rdingizmi, ajrashgan takdirda ham, bir-birining aybini fosh qilmaslik kerak, buning uchun esa, ko‘ngilni nihoyatda keng tutish, hech qachon o‘zining inson ekanini unutmaslik kerak.

Payg‘ambarimiz alayhissalom:

أَكْمَلُ الْمُؤْمِنِينَ إِيمَانًا أَحْسَنُهُمْ خُلُقًا، وَخِيَارُكُمْ خِيَارُكُمْ لِنِسَائِهِمْ.

«Mo‘minlarning iymoni eng komili ularning eng xulqi go‘zalidir va yaxshilaringiz ayollariga yaxshilaringizdir», – deganlar.

عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: قَالَ رَسُولُ اللهِ r: خَيْرُكُمْ خَيْرُكُمْ لِأَهْلِهِ وَأَنَا خَيْرُكُمْ لِأَهْلِي. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:

«Yaxshilaringiz ahliga yaxshilaringizdir va men ahliga yaxshingizman».

Termiziy rivoyat qilgan.

Xotiniga yaxshi muomalada bo‘lish aqli raso erning asosiy sifatlaridan biri ekan.

Demak, er manman bo‘lmasligi, saodatni faqat o‘zi uchun axtarmasligi, balki xotiniga – umr yo‘ldoshiga, oilasiga ham ravo ko‘rmog‘i darkor bo‘ladi.

Madaniy merosimizda xotinga yaxshilik qilishning turlaridan biri imkon topilganda unga sovg‘alar taqdim etib turish, deyilgan. Sovg‘a muhabbatning ramzidir va u qalbdagi ba’zi ginalarni ham chiqarib yuboradi.

Hadisi shariflardan birida bu haqda:

تَهَادَوْا فَإِنَّ الْهَدِيَّةَ تُذْهِبُ وَغَرَ الصَّدْرِ.

«Bir-birlaringizga hadya berib turing, chunki u qalbga muhabbat soladi va ginalarni ketkazadi», deyilgan.

Ma’lumki, inson doim go‘zallikni yoqtiradi, shu jumladan, ayollar ham. Aqli raso er xotiniga ko‘rkam ko‘rinishga urinadi. Chunki o‘zi ham doim ayolining go‘zal, saranjom-sarishta bo‘lishini yoqtiradi. Buyuk sahobiylardan biri Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu: «Xotinim men uchun o‘zini ziynatlagandek, men ham xotinim uchun o‘zimni ziynatlayman», – deganlar.

Bir kuni xalifa Umar roziyallohu anhuning huzuriga bir ayol o‘zining isqirt holdagi eri bilan kirib keldi-da, shikoyat qilib: «Meni bundan xalos eting, ey mo‘minlarning amiri», – dedi. Xalifa xotinning g‘azabi sababini tushundi va erni hammomga tushib, sochu tirnoqlarini olib, o‘zini rostlab kelishga buyurdi. U qaytib kelganda, xotini tanimasdan, qochdi. So‘ng tanib, da’vosidan qaytib, yarashib ketdi. Shunda xalifa Umar roziyallohu anhu: «Ayollarga nisbatan doimo shunday qilinglar! Allohga qasamki, ular sizni ziynatlangan holda ko‘rishni yaxshi ko‘radilar. Sizlar ham ayollaringizni ziynatli holda ko‘rishni yaxshi ko‘rasizlar-ku?» – deganlar.

Albatta, ziynatning ham chegarasi, me’yori bor, undan chiqib ketilsa ham bo‘lmaydi. Yasanishga ortiqcha berilish qalb illatidandir.

Risoladagi er xotinni hech vaqt e’tiborsiz qoldirmaydi. Ba’zilar ishga, o‘zi qiziqqan narsalarga haddan tashqari berilib ketib, ayollarini esdan chiqarib qo‘yadilar. Bu yaxshi emas. Oilaviy kelishmovchiliklarning aksari er-xotinlik aloqalari joyida emasligidan kelib chiqishini hech unutmaslik kerak.

Kunlarning birida mashhur sahobiy Salmon Forsiy roziyallohu anhu o‘z birodari Abu Dardo roziyallohu anhuning qoshiga borsalar, uy egasining xotini – Ummu Dardoni o‘ziga qaramagan, parishon holda ko‘ribdi. Ayoldan: «Senga nima bo‘ldi?» – deb so‘rabdi. Ayol: «Do‘sting Abu Dardoning dunyo bilan ishi yo‘q», – deb javob beribdi. Abu Dardo kelib, do‘stini mehmon qilmoq maqsadida oldiga taom qo‘yibdi-da:

«Marhamat qil! Men nafl ro‘za tutganman», – debdi. Shunda Salmon:

«O‘zing yemaguningcha men ham yemayman», – deb bosh tortibdi. Abu Dardo ro‘zasini ochishga majbur bo‘libdi. U kechasi turib, nafl namoz o‘qimoqchi bo‘lgan ekan, Salmon:

«Yot, uxla», – debdi. Ancha vaqt o‘tgandan keyin yana namozga turmoqchi bo‘lgan ekan, yana «Yot, uxla», degan buyruqni eshitibdi. Tun oxirlaganda Salmon o‘zi turib, uy egasi bilan namozni ado qilibdi-da:

«Albatta, senda Robbingning haqqi bor, o‘z nafsingning ham haqqi bor, ahlu ayolingning ham haqqi bor, har bir haq egasining haqqini ado etgin», – debdi.

Abu Dardo Nabiy alayhissalomning huzurlariga borib, bo‘lgan gapni aytib berganda, U kishi:

«Salmon to‘g‘ri aytibdi», – degan ekanlar.

Xotiniga bo‘lgan muhabbatni sezdirish uchun er muloyim bo‘lib, uning so‘zlariga e’tibor bilan quloq osib, hamfikr ekanini izhor qilib turmog‘i kerak. Agar ayol kishi ovqat pishirgan bo‘lsa, yangi kiyim kiysa, biror xabar yoki qissani aytsa, er bu narsalarga e’tibor bilan munosabatda bo‘lib, o‘z xursandligini, munosabatini bayon qilishi darkor. Ayoliga uy ishlarida yordam berib, bu sohada ham uning og‘irini yengil qilib turishi kerak. Payg‘ambar alayhissalom ham ahllari xizmatida bo‘lib, uy supurib, o‘z kiyimlarini yamab, qo‘ylarni soqqanlar va ummatlariga ham shunday qilishni buyurganlar.

Risoladagi er xotiniga lutf bilan muomala qilib, uni eng chiroyli ismlar bilan chaqiradi va kamchiliklarini kechiradi.

Ishonchim komilki, men zikr qilgan narsalarda jamiyatimiz va insonlar uchun zararli narsalar mutlaqo yo‘q. Aksincha, ularning hammasi foydalidir. Bularning barchasi tajribadan o‘tgan bo‘lib, doimo yaxshilikka, oilaviy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilgan. Biz oiladagi er kishining vazifalariga qismangina to‘xtaldik. Tomchilardan daryo hosil bo‘lganidek, oilada qut-baraka, yaxshilik, mustahkam asos to‘g‘ri muomaladan tug‘iladi.

Agar siz azizlarga ma’qul bo‘lsa, biz bu mavzuni davom ettirib, «Risoladagi xotin», «Risoladagi ota-ona», «Risoladagi farzand», «Risoladagi oila» va shu kabi mavzularda ham maqolalar yozishni davom ettirishimiz mumkin.

Bu kabi fikrlashuvlardan xalqimiz oz bo‘lsa-da, ma’naviy manfaat topsa, biz uchun katta baxt bo‘lar edi.

Manba: islom.uz

Kiritildi: 15:49 02.09.2018. O'qildi: 5914 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!