Farg‘ona viloyati Rishton tumanida istiqomat qiluvchi Mirzaozod Mirzane’matovni 25 avgust kuni kechki payt noma’lum shaxslar kaltaklab ketgan.
Voqeadan xabardorlarning aytishicha, Mirzaozod Mirzane’matov nogiron ukasi bilan avtoturargohda bo‘lganida notanish yigitlar kelgan va mashinani olib qo‘yish masalasida ziddiyat kelib chiqqan. Ular Mirzaozodning nogiron ukasini urmoqchi bo‘lganda, u ukasini himoya qilgan. Shundan keyin 6-7 nafar begona yigit aka-ukani kaltaklagan. Kaltaklashda temir klyuch va domkratlar ham ishlatilgan, domkrat bilan Mirzaozodni urishgani natijasida u hushini yo‘qotgan.
Noma’lum yigitlar 544 raqamli oq “Damas” avtomobilida bo‘lgan.
Aka-ukalar qattiq jarohatlangan holda shifoxonaga olib borilgan. Mirzaozod Mirzane’matov miya chayqalishiga uchragani aniqlangan. Rishton tumani milisiya boshlig‘i voqeadan xabar topib ulardan xabar olgan.
Turli gap-so‘zlarga ko‘ra kaltaklaganlarning orqasi baquvvat, “kattakon”larning jiyani hisoblanadi. Kuzatuvchilar jinoyat bosti-bosti qilinishi ehtimolidan tashvishlanmoqda.
Mirzaozodni taniganlar tabiatan murosasoz va hech qachon tajovuzkorlikni namoyon qilmaydigan inson deb hisoblaydi. U qassobchilik bilan ham shug‘ullanadi.
Mirzaozod Mirzane’matov ijtimoiy tarmoqda ancha taniqli yosh shoirlardan bo‘lib, O‘zbekiston Xalq shoiri Iqbol Mirzoning shogirdidir. U muhabbat va vatan haqidagi she’rlari bilan muxlislarning nazariga tushgan. Shuningdek, u Farg‘ona viloyati hokimining maxsus sovg‘asi bilan taqdirlangan. U 26 avgust kuni So‘x tumanidagi anjumanda ishtirok etib, she’r o‘qishi lozim edi.
(fotosurat M. Mirzane’matovning Facebook sahifasidan olindi)
Manba: sof.uz