Rim statutiga a’zo davlatlar AQShning Xalqaro jinoyat sudiga nisbatan sanksiyasini qoraladi.
Sakkiz davlat — Kanada, Daniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Yaponiya, Niderlandiya va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirlari qo‘shma bayonot berib, Xalqaro jinoyat sudi (XJS) mustaqilligi hamda daxlsizligini to‘liq qo‘llab-quvvatlashlarini ma’lum qildi. Diplomatlar Vashingtonning ushbu sud organiga nisbatan sanksiyalar joriy etish qaroridan afsusda ekanliklarini va bunga qat’iy norozilik bildirishlarini ta’kidlashdi.
AQShning cheklovlari XJS faoliyatiga, uning xodimlari va ularning oila a’zolariga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan xavotir bildirildi.
Bayonotda mazkur davlatlar Rim statutiga a’zo bo‘lmagan mamlakatlar bilan ham konstruktiv muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklari qayd etishdi.
Eslatib o‘tamiz, AQSh tomonidan Xalqaro jinoyat sudiga (XJS) nisbatan yirik va keng ko‘lamli institusional sanksiyalar kecha, 9 oktyabr kuni rasman e’lon qilindi. E’tiborli tomoni, bu voqea XJSning sobiq sudyasi Navi Pilley Nobel tinchlik mukofotini qo‘lga kiritganidan bor-yo‘g‘i bir necha soat o‘tib yuz berdi.
Sanksiya kiritilishida Isroilning roli katta.
Ma’lumot uchun: Xalqaro jinoyat sudi (XJS) — insoniyat taqdiriga tahdid soluvchi eng og‘ir xalqaro jinoyatlarni sodir etgan shaxslarni sud qilish va jazolash vakolatiga ega bo‘lgan dunyodagi yagona doimiy xalqaro sud organidir. Sud faoliyati 1998 yilda qabul qilingan Rim statuti (shartnomasi) asosida yo‘lga qo‘yilgan. Rim statuti rasman kuchga kirgach, XJS 2002 yil 1 iyuldan o‘z faoliyatini boshlagan. Qarorgohi — Niderlandiyaning Gaaga shahrida joylashgan.