Rim papasi Lev XIV (lotinchada — Leo PP. XIV) ruhoniylar va’z yozishni sun’iy intellekt (SI)ga topshirishiga qarshi chiqdi.
Vatikan rahbari sun’iy intellektda insoniyat uchun xavfni ko‘rmoqda.
Italiya matbuoti xabariga ko‘ra, u o‘z yeparxiyasining bir necha yuzlab ruhoniylari bilan uchrashuvda sun’iy intellekt e’tiqodni yetkazib bera olmasligini, va’zning asosiy vazifasi esa aynan shundan iborat ekanligini ta’kidlagan.
Lev XIV sun’iy intellektdan foydalanishning salbiy oqibatlarini sportdagi misol bilan qiyosladi: «Agar biz mushaklardan foydalanishni to‘xtatsak, ular faoliyatini yo‘qotadi. Miya ham shunday, o‘z zakovatimizni yo‘qotmaslik uchun ongimizni ishlatishdan to‘xtamasligimiz kerak».
Bu xabarga sun’iy intellektning o‘zi qanday munosabat bildirishi bilan qiziqib ko‘rdik. Mana, u nima dedi:
«Sun’iy intellekt — bu algoritmlar va ma’lumotlar to‘plami bo‘lib, unda hissiyot, shaxsiy tajriba va ruhiy kechinmalar mavjud emas. Diniy va’zlar esa odatda insonning qalbiga, uning ichki kechinmalariga qaratilgan bo‘ladi. SI chiroyli va mantiqiy matn tuzib berishi mumkin, lekin unda «ruh» bo‘lmaydi.
Rim papasining miya faoliyati haqidagi fikri ham o‘rinli — agar odam hamma ishni texnologiyaga topshirib qo‘ysa, uning fikrlash va ijod qilish qobiliyati haqiqatdan ham susayib ketishi mumkin».