Agentlikning xabar berishicha, Xitoy Bozorni tartibga solish davlat boshqarmasi (SAMR) bir qator dengiz portlari, jumladan, Panama kanalidagi portlarning sotilishini har tomonlama tekshiruvdan o‘tkazishni qat’iy ravishda talab qilmoqda.
"Korxonalarni birlashtirish jarayoni ruxsatsiz amalga oshirilishi mumkin emas, aks holda huquqiy javobgarlik yuzaga keladi", deya ta’kidlandi SAMR bayonotida.
Mart oyi boshida AQSh prezidenti Donald Trampning bosimi tufayli Gonkongning Hutchinson Holdings kompaniyalar guruhi Panama kanalining ikki tomonidagi Balboa va Kristobal portlarini sotishga qaror qilgani ma’lum bo‘lgan edi. Aksiyalarning 90 foizi Qo‘shma Shtatlarning Blackrock kompaniyasi boshchiligidagi konsorsiumga o‘tishi kutilmoqda. Turli baholarga ko‘ra, bitim qiymati 19-23 milliard dollarni tashkil etadi.
"Pekin Panama kanali orqali savdo aylanmasining cheklanishidan xavotirda bo‘lib, bu bitimga nisbatan tanqidiy munosabat bildirmoqda", deb yozadi Reuters.
Tramp eng yuqori davlat lavozimiga qaytishidan oldin ham Panama kanali rahbariyatiga qarshi faol ravishda fikr bildira boshlagan edi. Siyosatchi Xitoyga qaramlikni kamaytirish va Qo‘shma Shtatlar bilan ko‘proq hamkorlik qilishni talab qildi.