Madridning "Real" klubida UYEFA Negreyra ishi tufayli "Barselona"ni jazolashiga ishonch bor. "Qirollik klubi" vakillari endi UYEFA mazkur ish bo‘yicha barcha zarur hujjatlarga ega, deb hisoblamoqda. Bu haqda Mundo Deportivo xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, 1 oktyabr, payshanba kuni "Real" "Barselona"ning hakamlar texnik qo‘mitasi (CTA) sobiq vise-prezidenti Xose Mariya Negreyra bilan aloqalariga doir hujjatlar UYEFAga topshirilganini ma’lum qilgan edi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, "Real" Yevropa qoidalari asosida chora ko‘rish uchun yetarlicha dalillar mavjud, deb hisoblamoqda. Ushbu qoidalarga ko‘ra, milliy yoki xalqaro darajada kelishilgan o‘yinlar tashkil etish yoxud uchrashuv natijasiga ta’sir ko‘rsatishga qaratilgan har qanday faoliyatda bevosita yoki bilvosita ishtirok etgan klub sanksiyaga tortilishi mumkin.
Bu "Barselona"ning bir mavsumga Chempionlar ligasidan chetlatilishiga, shuningdek, tegishli miqdorda jarimaga tortilishiga olib kelishi mumkin.