"Real" yozda Rodrigo ketishi uchun ochiq.
The Athletic xabariga ko‘ra, braziliyalik vingerning otasi va agenti klubga Rodrigoning yetarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotganidan norozilik bildirgan. Uning shikoyatlari va futbolchining muvaffaqiyatsiz o‘yinlari tufayli "Real" agar Rodrigo jamoani tark etishni istasa, uning ketishiga to‘sqinlik qilmaslikka qaror qildi. Madridliklar bosh murabbiyi Xabi Alonso ham braziliyalikning ketishiga qarshi emas.
Qayd etilishicha, "Arsenal" bir necha hafta oldin Rodrigoning vakillari bilan ehtimoliy transfer bo‘yicha dastlabki muzokaralarni o‘tkazgan. Vinger "kanonirlar" murabbiylar shtabiga yoqadi, uning transferi klubda o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmida muhokama qilingan edi.
Rodrigo La Liganing o‘tgan mavsumida 30 ta o‘yinda maydonga tushib, 6 ta gol va 5 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.