Qur’oni karimning har bir lafzi, iborasi, jumlasi va oyati hamda ularning ma’nolari ilohiy mo‘’jizadir. Rasululloh (solllallohu alayhi vasallam) Qur’oni karimni ko‘p tilovat qilar edilar. Ummatlariga bu borada ham avvalo o‘zlari amaliy o‘rnak bo‘lganlar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng sahiysi edilar. U zotning eng sahiyliklari Ramazonda – Jabroil u zot bilan uchrashganda bo‘lar edi. Jabroil Ramazonning har tunida u zot bilan uchrashib, Qur’ondan dars qilishardi. Haqiqatda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshilikda shamoldan ham sahiy bo‘lib ketar edilar”.
Mo‘minlar Qur’on tilovat qilar ekanlar uning oyatlari borasida tafakkur yuritib, unda keltirilgan qissalaru xabarlardan ibrat olishlari lozim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon Qur’on tilovat qilsalar uni tartil bilan tilovat qilib, uning har bir oyatini tadabbur etar edilar. Tafakkur ila o‘qilgan suralar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sochlarini oqartirgan.
Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Abu Bakr roziyallohu anhu: “Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sochingizga oq tushibdimi?” deb so‘radi. Shunda u zot alayhissalom: “Mening sochimni Hud, Voqea, Mursalot, Naba’ va Takvir (suralari) oqartirdi”, dedilar” (Imom Termiziy, Imom Hokim, Imom Bayhaqiy, Imom Abu Ya’lo rivoyati).
Hud surasining ikki oyati Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sochlarini oqartirgan oyatlardan hisoblanadi.
Imom Bayhaqiy o‘zining “Shu’ab al-imon” nomli asarida Ali Shatoriydan quyidagilarni bayon qiladi: “Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sochimni Hud surasi oqartirdi deb aytganingizni eshitdim”, dedi.
Shunda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ha shunday”, deb javob berdilar.
“YO, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam suradagi payg‘ambarlar qissasi-mi yoki ularning ummatlarining holi-mi sizning sochingizni oqartirdi”.
“Yo‘q, payg‘ambarlar ham ularning ummatlari haqidagi oyatlar ham sochimni oqartirgani yo‘q. Balki suradagi “Bas, (ey, Muhammad!) buyurilganingizdek to‘g‘ri bo‘ling!” oyati sochimni oqartirdi”, dedilar.
Shu bois, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning o‘zidan to‘g‘ri yo‘lda mustaqim qilishini so‘rab ko‘p duo qilar edilar. Xususan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ya, muqallibal qulubi sabbit qalbiy a’la diynik (YO, Qalblarni o‘zgartiruvchi Zot, qalbimni o‘zingning diningda sobit qil)” deb duo qilar edilar.
Qur’onni ko‘p tilovat qilishlik bizni Allohga yaqin qiladi. Qur’onni o‘qish qanchalik savobli bo‘lsa, uni tinglash ham shunchalik savobli amallardandir. Shunday ekan, Qur’onga muxlis bo‘lib, uni tilovat qilganimizda ham tinglaganimizda ham tadabbur qilaylik.