Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi hamda partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining kengaytirilgan qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish partiyaning yangilangan dasturi, Saylovoldi dasturi loyihalarining muhokamasi, joriy yil dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlari saylovlarida samarali ishtirokini ta’minlash masalalariga bag‘ishlandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, OʻzLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev partiyasining yangilangan dasturi va Saylovoldi dasturi loyihalariga o‘z takliflarini bildirdi:
– Partiya dasturi avvalgisidan butunlay farq qilishi kerak. – dedi Rasul Kusherbayev. – Bunda e’tibor umumiylikdan qochib, reallik va aniqlikka qaratilsa maqsadga muvofiq. Masalan, bugungi kunda tadbirkorlarni o‘ylantiradigan muammo, kiritmoqchi bo‘lgan investisiyasi uchun sharoit va kafolatlar barqarormi yo‘qmi? Tadbirkorlar bizdan kafolat talab qilmoqda. Dasturda bunga alohida to‘xtalish kerak.
Afsuski, so‘nggi vaqtlarda jismoniy va yuridik shaxslarning ko‘chmas mulklarini davlat, jamiyat ehtiyoji uchun degan bahonalar bilan qonunlarga rioya qilmasdan buzish holatlari ko‘plab uchramoqda. Biz fuqarolarning ko‘chmas mulkini buzish haqida qaror qabul qilish vakolatini hokimlardan olib, to‘liq sudlarga berishimiz zarur. Chunki ko‘pchilik hokimlar bu boradagi qonun talablarini buzib, fuqarolarning mulk huquqlariga putur yetkazmoqda. Sud esa qonunlarga asosan qaror qabul qiladi. Bu taklifimiz inobatga olinsa, ko‘chmas mulk egalari, tadbirkorlarning mulk daxlsizligini ta’minlashda yangi qadam tashlangan hamda xorijiy investorlarni mamlakatimizga yanada ko‘proq jalb qilishga ham turtki bo‘lardi.
Endi sud haqida. Bugun ko‘p nizolar sud orqali hal etilmoqda. Fuqarolik jamiyati rivojlanishining talabi ham shu. Hokimlik, ijro organining boshqa tashkilotlari bilan fuqaro o‘rtasida ziddiyat kelib chiqqan hollarda muammo asosan sud orqali hal qilinmoqda. Biroq ayrim tadbirkorlar sudning adolatiga hamon ishonmayapti. Shuning uchun sudlarning jamoatchilik oldida hisob berishi amaliyotiga to‘liq erishish zarur. Agarda hisobot yakunida sudyaning ishi qoniqarli deb topilmasa, u lavozimiga noloyiq deb hisoblanishi kerak.
Joylarda qonunlarga amal qilinmaslik holatlari o‘sha yerda malakali, oliy ma’lumotli yuristlar yetishmasligi bilan bog‘liq. Toshkent davlat yuridik universiteti yetarli miqdorda yuristlarni yetishtirib berolmayapti. Shu sababli joylardagi ijro organlarida malakali yuristlarni uchratish qiyin. Ana shuning oqibatida ayrim hollarda qonunlarga zid bo‘lgan turli qarorlar ham chiqarilyapti. Partiya yuridik kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor berishi zarur, deb hisoblayman. Monopoliyaga chek qo‘yish uchun bu sohadagi oliy o‘quv yurtlari yoki qabul kvota sonini keskin oshirish zarur.
So‘nggi yillarda uy-joy qurilishi jadal amalga oshirilmoqda. Biroq aholi belgilangan narx-navodan norozi. Ularga “arzon” uylar qimmatlik qilyapti. Qurilish sohasida bir nechta monopol tashkilotlarning faoliyat olib borishiga ruxsat berilgani va boshqa tadbirkorlarning buyurtmachi sifatida qatnashish imkoniyati cheklangani ham bu muammoning kelib chiqishiga sabab bo‘lyapti. Nima uchun faqat “Qishloq qurilish invest” yoki “O‘zshahar qurilish invest” injiniring kompaniyalari davlat buyurtmasini bajarishi kerak? Bugungi kunda xorij tajribasini o‘rganib, arzon va sifatli uylar qurayotgan tadbirkorlarimiz ham yo‘q emas. Biz ularga ham davlat buyurtmasini bajarishga imkon bersak bo‘lmaydimi? Bu partiya dasturlari loyihasiga kiritilgan monopollashuv jarayoniga qarshi kurash bo‘limiga to‘g‘ri keladi.
Partiya dasturi va Saylovoldi dastur loyihalarida OAV va partiyaning jamoatchilik bilan aloqalarini yaxshilash masalasida birorta ham aniq taklif berilmagan. OAV bilan birga bugungi kunda fuqarolik jurnalistikasi yoki oddiy aytganda blogerlik va internet bilan ishlashda partiya sezilarli natijaga erisha olmayapti. Sayti bor, ijtimoiy tarmoqlarda sahifalari bor, biroq ommaviyligi yo‘q. Partiyaning olib borilayotgan islohotlarni ko‘kka ko‘tarish va kimlarnidir maqtash ruhidagi materiallari odamlar e’tiborini tortmaydi. Tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan muammolarni ko‘tarayotgan ayrim faollarni ma’nan qo‘llab-quvvatlab, bunga butun partiya e’tiborini qaratish bo‘yicha chaqiriqlar ko‘zga tashlanmaydi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, partiyaning jamoatchilik bilan aloqalar guruhini turli ma’muriy boshqaruvchilardan holi, dasturiy maqsad va vazifalardan og‘ishmaydigan, mustaqil faol jurnalist va bloggerlardan iborat tarkibda shakllantirish, ish faoliyatida to‘liq ijodiy erkinlik berishga alohida e’tibor berish vaqti keldi.
Bundan tashqari, ommaviy axborot vositalarining mustaqilligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratishimiz kerak. Nodavlat ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlashga urg‘u berish, muassislarning tahririyat oldidagi javobgarligini oshirish choralarini ko‘rish lozim. Ba’zi muassislar tahririyat faoliyati bilan qiziqib ham ko‘rgani yo‘q. Oqibatda yopilib ketayotgan tahririyatlar qancha?!