Bugun 21 noyabr, 2024 yil, payshanba

КИР

Rasmiy xabar: O‘zbekistonda Telegram ham bloklanadimi?

Rasmiy xabar: O‘zbekistonda Telegram ham bloklanadimi?

Kecha – 2021 yilning 2 iyul kuni O‘zbekistonda TikTok hamda Twitter servislariga cheklov o‘rnatildi. Xo‘sh, ommabop Telegram messenjeri uchun bu borada xavotir yo‘qmi? Telegram Qo‘llab-quvvatlash Markazi vakili Davronbek Rustamovning shu haqdagi maqolasini e’tiboringizga havola etmoqdamiz.

Telegram’ning O‘zbekistondagi tarixidan

Ilk bor Telegram dunyoga 2013 yil avgust oyida iOS foydalanuvchilari uchun taqdim etildi va Android’dagi birinchi alfa versiyasi bir necha oydan so‘ng – o‘sha yilning oktyabrida chiqdi.

Aynan shu oyning oxirida o‘sha paytda O‘zbekistonda mashhur bo‘lgan yashil messenjer ishida jiddiy uzilishlar kuzatila boshlandi. O‘sha vaqtlarda o‘zbekinstonliklarning Telegram’ga qiziqishi paydo bo‘ldi – o‘sha paytdan boshlab «yashil tomon»dan «ko‘k tomon»ga oqim kuchayib bordi – va noyabr oyining boshlarida messenjer davlatdagi eng ko‘p yuklab olingan dasturga aylandi.

U vaqtda Telegram dunyoda umuman mashhur emas edi, O‘zbekistonda esa aksincha mashhurlik oshib borayotgan edi. O‘shandan beri messenjer mamlakatdagi eng ommabop IT-mahsulot deb hisoblanadi.

O‘zbekistonda bloklash qayerdan paydo bo‘ldi?

2021 yil yanvar oyida ommaviy axborot vositalarida shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunga o‘zgarishlar kiritilishi to‘g‘risidagi xabarlar e’lon qilindi. Qonunga ko‘ra saytlar va boshqa tizimlar egalariga O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini O‘zbekistonda joylashgan serverlarda saqlash majburiyati yuklandi. O‘zgarishlar aprel oyida kuchga kirishi haqida xabar berildi.

“27¹-modda. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishning alohida shartlari.

Mulkdor va (yoki) operator O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ishlov berishda, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘ida ishlov berishda ularning jisman O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan texnik vositalarda hamda belgilangan tartibda Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxsga doir ma’lumotlar bazalarida yig‘ilishini, tizimlashtirilishini va saqlanishini ta’minlashi shart”.

– O‘zbekiston Respublikasining «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni, 2021 yil 14 yanvar.

Talab mahalliy va xorijiy shaxsiy ma’lumotlarni saqlovchi va qayta ishlovchilar (barcha ijtimoiy tarmoqlar, xizmat va tizimlar, messenjerlar) uchun amal qiladi.

«Facebook, TikTok, Telegram va shu kabi kommunikasiya platformalari o‘z texnik vositalarini O‘zbekiston hududiga o‘tkazishlari shart».

– O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining rasmiy sayti, 2021 yil 12 may.

Ma’lum qilinishicha, buning sabablaridan biri fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash va ularning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilishdir – agar fuqarolarning ma’lumotlari boshqa mamlakatda joylashgan bo‘lsa, ularni himoya qilish ancha qiyin bo‘ladi.

Qonunni amalga oshirishning texnik tomoni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (xalq orasida Mininfokom deb nomlanadi) zimmasiga yuklatilgan.

Ma’lumot uchun: yuqorida aytib o‘tilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi – O‘zbekistonda shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilangan. Tashkilot shaxsga doir ma’lumotlar yuzasidan qonunchilik talablariga rioya etilishini ham nazorat qiladi.

O‘QING: Mijozlarini sotmagani uchun Telegram bloklanishi va €55 mln.gacha jarimaga tortilishi mumkin

Telegram bo‘yicha vaziyat haqida nima deyish mumkin?

Qonun rasmiy ravishda 14 aprelda kuchga kirdi. O‘sha kundan boshlab kompaniyalarga muzokaralar olib borish va harakatlarni boshlash uchun bir oy muddat berilgan edi.

2021 yil 15 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Umida Musayeva bilan suhbatda men ushbu qonunning yuqorida aytib o‘tilgan moddasining Telegram’dagi ta’sirini va ikki tomon o‘rtasidagi aloqalarni yaxshilash yo‘llarini muhokama qildim.

2021 yil 3 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazidan Telegram Messenger Liability Partnership’ga mamlakat hududidagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlariga ishlov beradigan texnik vositalarni joylashtirish choralarini 2021 yil 14 aprelgacha ko‘rish to‘g‘risida uchta tildagi rasmiy xat yuborilgan edi.

2 tildagi ilovalari bo‘lgan asl xat elektron pochta orqali menga ham yuborildi.

O‘sha kuni kechroq, Telegram bilan bog‘liq vaziyatning texnik tomoni, men O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Azizjon Ismoilov bilan batafsilroq muhokama qildim.

U qonun talablarini bajarmagan kompaniyalarga nisbatan qo‘llaniladigan choralarni tartibga soluvchi hujjat ishlab chiqilganligi va u hujjat (o‘sha paytda) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi kutilayotganini tushuntirdi.

Boshqa tafsilotlar qatorida, menga xabar berishlaricha, O‘zbekiston tomoni messenjerdan foydalanishni cheklash bo‘yicha qat’iy choralarni iloji boricha ko‘rmaslikni istaydi, u faqat ijobiy niyatda va muzokaralar olib borish va Telegram ma’muriyati bilan umumiy aloqa nuqtalarini topish uchun ochiq ekan.

Aytgancha, ba’zi manbalar Telegram vise-prezidenti Ilya Perekopskiy 2021 yil may oyining o‘rtalarida muzokaralar o‘tkazish uchun O‘zbekistonga kelishi reja qilinayotgani haqida mish-mishlar tarqatgan edi.

Men va Axborot vazirligidan 24 iyunga ko‘ra ma’lumot – O‘zbekiston tomoni hanuzgacha Telegram’dan javob kutmoqda.

Ha, Pavel Durov voqealardan xabardor. Mendan ham.

O‘QING: Telegram rahbariga shaxsiy assistent kerak: BAA yoki Shveysariyaga ko‘chib o‘tishga tayyormisiz?

Xo‘sh, O‘zbekistonda Telegram bloklanadimi?

Bu oylar singari men hozir ham hech narsa deya olmayman, chunki men na qonun chiqaruvchiman, na Telegram qaror qabul qilish jamoasi vakiliman.

Ammo shaxsiy fikrimni quyida batafsil yozib o‘taman.

Telegram’ning faol foydalanuvchilari soni yarim milliarddan ziyod ekanligi va ularning hammasi dunyo bo‘yicha 5 ta asosiy server o‘rtasida tarqatilganini hisobga olsak, qo‘shimcha Telegram serverlarining O‘zbekistonda joylashishi ehtimoli kam. Bizning texnik tarafimiz yetarli darajada barqarorlik va o‘tkazuvchanlikni ta’minlay oladimi, noma’lum.

Men, shuningdek, aslida butun O‘zbekiston – maktab o‘quvchilarining guruh chatlaridan va iqtiboslar kanallaridan tortib davlat idoralarining rasmiy kanallari shuningdek maxfiyligi va (Telegram’da aloqaning shubhasiz xavfsizligi tufayli) ahamiyati yuqori bo‘lgan chatlargacha – barchasi Telegram’dagi aloqada turganligini muhim omil deb bilaman.

Shunga qaramay, mamlakatdagi yuz minglab foydalanuvchilar va deyarli barcha jiddiy korxonalar uchun muhim bo‘lgan ijtimoiy tarmoq bir yil oldin bloklanganini eslashimiz mumkin. Ya’ni o‘sha paytda jamoatchilik uchun ushbu tarmoqning ahamiyati haqidagi asos yetarli bo‘lmagan edi.

Forbes Uzbekistan’ga bergan intervyuim shu mavzuga oid:

«Lokdaun nafaqat oflaynda, balki onlaynda ham amalga oshirildi.» Facebook mavjud bo‘lmaganda, o‘z biznesingizni internetda qanday targ‘ib qilish kerak.

Forbes Uzbekistan.

Agar Telegram baribir bloklansa-chi?

Roskomnadzordan shunga o‘xshash urinish muvaffaqiyatsiz tugadi – ikki yil davomida ushbu idora Telegram’ga kirishni butunlay blokirovka qilishga urindi, ammo proksi-serverlar va VPN o‘z kuchini ko‘rsata oldi (ba’zi hollarda esa messenjer hech qanday yordamchi vositasiz ham ishlagan) – rossiyaliklar Telegram’dan foydalanishda davom etishlari mumkin edi.

Natijada, Roskomnadzor Rossiyada Telegram’ni rasman blokdan chiqardi.

Messenjerga kirishni qisman yoki to‘liq cheklashga urinishlar bo‘lgan taqdirda, foydalanuvchilar proksi-serverlardan va o‘sha-o‘sha VPN’lardan foydalanishni boshlashadi.

Bu o‘zbekistonliklarning hayotini murakkablashtirishdan tashqari boshqa salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Masalan, blokirovka qilish sharoitlaridan suiiste’mol qilish va texnik vositalardan shaxsiy manfaat uchun foydalanish (aniq uslublarni oshkor qilmoqchi emasman) shuningdek ham shaxsga/kompaniyalarga, ham butun ommaga ko‘proq zarar yetkazish holatlari ko‘payishi mumkin.

Umid qilamanki, barcha davlat idoralari ushbu masalaga ehtiyorkorlik va mas’uliyat bilan yondashadi.

Siz bilan biz esa voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz. Ayrim ijtimoiy tarmoqlar blokanishni boshladi.

«Qonun talablariga zid ravishda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berayotgan ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish cheklandi»

– O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha Davlat inspeksiyasi, 2-iyul 2021.

Nima bo‘lsa ham Telegram Uzbekistan barcha voqealar to‘g‘risida sizni xabardor qilib turadi va bundan keyin ham Telegram’dan foydalanishingizni yanada oson va qulay qilishga yordam beradi.

Kiritildi: 10:05 03.07.2021. O'qildi: 14687 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!