— Turmushimdan rasman ajrashmaganman. Lekin ikki farzandim bilan ota uyimda yashayman. Aliment masalasida muammolarga duch kelyapman. Bu borada MIBga murojaat qilsam «bugun-erta», deya paysalga solaverdi. Shundan so‘ng Shahrisabz tumani Adliya bo‘limiga murojaat qilgandim «bolalaringizning otasi hech qayerda ishlamas ekan. Shuning uchun aliment undirib berolmaymiz», deyishdi. Ayting-chi, rasman hech joyda ishlamagan ota aliment to‘lamaydimi? Farzandlarim uchun otasidan aliment undirolamanmi? Buning tartibi qanday?
Ismi sir tutildi
Jamshid SHAROPOV, fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi sudyasi:
— Oila kodeksining 96-moddasiga asosan, ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shart. Shuning uchun ham voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan otadan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga asosan, aliment undiriladi.
Mazkur kodeksning 99-moddasiga ko‘ra, agar voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, ularning ta’minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi yoki boshqa daromadining bir bola uchun to‘rtdan bir qismi, ikki bola uchun uchdan bir qismi, uch va undan ortiq bola uchun yarmisi miqdorida undiriladi. Bu to‘lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin.
Farzandlaringiz ta’minoti uchun aliment undirish masalasida tegishli tartibda o‘zingiz yoki turmush o‘rtog‘ingiz yashab turgan joydagi sudga ariza bilan murojaat etishingiz lozim. Bunda turmush o‘rtog‘ingiz bilan o‘rtangizda qayd etilgan nikohdan ajrashgan-ajrashmaganingiz, birga yashash-yashamasligingizni ahamiyati yo‘q. Bitta uyda yashagan taqdirda ham farzandlariga moddiy ta’minoti bermayotgan ota yoki onadan farzandlari ta’minoti uchun aliment undirilishi mumkin.
Aliment undirish masalasida sudga murojaat qilgandan so‘ng, arizangiz sud tomonidan ko‘rib chiqilib aliment undirish to‘g‘risida sud buyrug‘i yoki hal qiluv qarori chiqariladi. So‘ng darhol tegishli tartibda ijro qilish uchun tuman MIBga yuboriladi.
Aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati MIB ish yurituviga kelib tushgandan so‘ng, ular tomonidan ijro harakatlarini amalga oshirish majburiy hisoblanadi. Bunda, turmush o‘rtog‘ingizni ishlash-ishlamasligi hech qanday ahamiyatda ega emas. Siz qonun bo‘yicha farzandlaringiz uchun turmush o‘rtog‘ingizni oylik ish haqi va boshqa barcha turdagi daromadlarining 1/3 qismi (33 foizi) miqdorida aliment olish huquqiga egasiz.
Mazkur holatda, Shahrisabz tumani Adliya bo‘limining bergan tushuntirishi noo‘rin hisoblanadi. Chunki aliment to‘lashi shart bo‘lgan ota yoki onaning hech qayerda ishlamasligi, ularni farzandlariga nisbatan aliment to‘lash majburiyatidan ozod qilmaydi. Іech qayerda ishlamaydigan ota yoki onadan undirilishi lozim bo‘lgan aliment miqdori tegishli tuman MIB tomonidan o‘sha hududdagi o‘rtacha oylik ish haqining 1/3 qismi miqdorida belgilanadi hamda undiriladi.