Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar bermoqda. Unga ko‘ra, “Streetpark Systems” MCHJ (Poytaxt parking) umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida joylashgan pulli to‘xtab turish joylaridan foydalanish huquqini beruvchi xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha ustun muzokara kuchiga ega ekan. Ya’ni, sodda qilib aytganda, monopolist.
«Raqobat qo‘mitasi tomonidan olib borilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, joriy yilning 22 dekabr kunidan e’tiboran ”Streetpark Systems” MCHJ (Poytaxt parking) umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida joylashgan pulli to‘xtab turish joylaridan foydalanish huquqini beruvchi xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etildi», deyiladi qo‘mita xabarida.
Shuningdek, qo‘mita "Raqobat to‘g‘risidagi" qonunning 18-moddasiga muvofiq ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etilgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning pirovard natijada raqobatni cheklashga va (yoki) iste’molchilarning, boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsitishga olib keladigan harakatlari taqiqlanishini bildirib, ushbu harakatlarni sanab o‘tgan.
Xo‘sh, endi nima bo‘ladi? Streetpark Systems MCHJning axborot tizimi operatori sifatida ham monopol mavqei qayd etiladimi? Yoki mazkur «parkovka»lar bo‘yicha axborot bazasi barchaga teng sharoitlarda ochiladimi? Buzilgan muvozanatlar tiklanadimi? Auksionlar qaytadan o‘tkaziladimi? Yoki qo‘mita shunchaki axbarot berib, biz siz tomondamiz deb qo‘yaveradimi? Natijalar albatta muhim, ammo uning amaliy samaralari ham bo‘lishi kerak, aks holda bu natijalarning xalqqa hech qanday foydasi yo‘q.