Bugun 26 noyabr, 2024 yil, seshanba

КИР

Raqamli dalillarni sudga taqdim etish tartibi tasdiqlandi

Raqamli dalillarni sudga taqdim etish tartibi tasdiqlandi

Prezident tomonidan imzolangan hujjat bilan qonunchilikka raqamli dalillar tushunchasi kiritilmoqda. Raqamli dalillarning ko‘chirma nusxalarini mas’ul shaxslarga yoki sudga qog‘ozda chop etilgan shaklda taqdim etish mumkin.

Prezident tomonidan 21.11.2024 yilda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga raqamli dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-1003-son qonun imzolandi.

Hujjat bilan Jinoyat-prosessual kodeksiga, Fuqarolik-prosessual kodeksiga, Iqtisodiy prosessual kodeksga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga raqamli dalillar tushunchasini, raqamli dalillarni to‘plash, taqdim etish, mustahkamlash, ko‘zdan kechirish, tekshirish va baholash, ularni saqlash, qaytarish hamda yo‘q qilish tartibini belgilovchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, jinoyat ishi doirasida guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va boshqa shaxslar elektron ma’lumotlarni ushbu ma’lumotlarning ko‘chirma nusxasini elektron jismdan elektron ma’lumotlar mavjud bo‘lgan boshka elektron jismga olish orqali taqdim etishga hakli.

Ma’lumot uchun: elektron ma’lumotlar elektron kurilmalardan va axborot tizimlaridan, shuningdek axborot texnologiyalaridan foydalangan holda yaratiladigan, ishlov beriladigan hamda saqlanadigan ma’lumotlardir.

Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud taqdim etilgan elektron ma’lumotlarni mutaxassis ishtirokida qabul qilib oladi hamda elektron ma’lumotlar mavjud bo‘lgan birlamchi elektron jismlarni ko‘zdan kechiradi.

Ish uchun ahamiyatga ega bo‘lmagan elektron ma’lumotlar mavjud bo‘lgan elektron jismlar egalariga darhol qaytarib beriladi.

Ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud bo‘lgan elektron ma’lumotlar, shu jumladan elektron tarzdagi fayllar, audio-, videoyozuvlar, Internet tarmog‘ida saqlanayotgan ma’lumotlar, shuningdek boshqa elektron ma’lumotlar raqamli dalillardir.

Raqamli dalildan ko‘chirma nusxa olishga, basharti uning yaxlitligi va aynan o‘xshashligi saqlansa, yo‘l qo‘yiladi.

Raqamli dalildan ko‘chirma nusxa olishga yo‘l qo‘yilishi o‘zidan mazkur ko‘chirma nusxa olingan raqamli dalilning asli mavjudligi bilan ta’minlanadi.

Guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi. sudlanuvchi va boshqa shaxslar raqamli dalillarning ko‘chirma nusxalarini qog‘ozda chop etilgan shaklda taqdim etish huquqiga ega. Bunda raqamli dalilning qog‘ozdagi shakli yozma dalil deb hisoblanishi mumkin emas.

Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, tergov va sud jarayonida tuzilgan prosessual bayonnomalarga ilova qilingan, elektron ma’lumotlar tarzida shakllantirilgan audio, videoyozuvlar ham raqamli dalillar hisoblanadi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 21.11.2024 yildan kuchga kirdi.

Kiritildi: Bugun 13:10. O'qildi: 170 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!