Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirov Grozniydagi prezident saroyida Saudiya Arabistonining Islom ishlari vaziri Shayx Abdullatif al-Asayxni qabul qildi. Vazir o‘z delegasiyasi bilan Yevropadagi eng katta masjid hisoblanuvchi “Musulmonlar Faxri” ning ochilish marosimiga tashrif buyurgan.
Qabul boshida Qodirov al-Asayx hamrohligidagi delegasiyani kutib olar ekan, ularga Chechenistonga tashriflari yaxshi o‘tishini tiladi. Al-Asayx qirol Salmon va valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonning chechen xalqiga salomlarini yetkazdi. U masjidning dizayni va qurilishini yuqori baholadi va bu Islomning mo‘tadil ta’limotlarini tarqatishda bamisli mayoq vazifasini bajarishiga umid bildirdi.
Qodirovning iltimosiga binoan Jahon Musulmon Ligasi bosh kotibi doktor Muhammad bin Abdulkarim al-Issa masjidning birinchi juma ma’vizasini olib borgan.
Ma’lumot uchun, marmar bilan bezatilgan ushbu masjidda bir vaqtning o‘zida 30 mingdan ortiq musulmonlar ibodat qilishi mumkin. Masjid qurilishda o‘zbek usta va memorlari ham qatnashgan.