Bugun 13 iyul, 2025 yil, yakshanba

КИР

Rafahda insonparvarlik yordamini kutgan falastinliklarga qilingan hujumda 10 kishi halok bo‘ldi

Rafahda insonparvarlik yordamini kutgan falastinliklarga qilingan hujumda 10 kishi halok bo‘ldi

Isroil qo‘shinlari tomonidan G‘azo sektoridagi Rafah shahrining shimoliy-g‘arbiy qismida joylashgan Shakush hududiga uyushtirilgan havo hujumi oqibatida kamida 10 nafar falastinlik halok bo‘ldi. Hujum paytida jabrlanuvchilar insonparvarlik yordamini kutgan holda to‘plangan edilar. Bu haqda G‘azodagi tibbiy manbalar ma’lum qilmoqda.

Manbalarga ko‘ra, halok bo‘lganlarning jasadlari va ko‘plab yaralanganlar Xan-Yunis shahrining janubiy-g‘arbida joylashgan Xalqaro Qizil Xoch jamg‘armasining maydon gospitaliga yetkazilgan.

G‘azo hukumati matbuot xizmati tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, 27 maydan beri AQSh va Isroil nazoratidagi «G‘azo insonparvarlik jamg‘armasi» orqali tashkil etilgan yordam tarqatish markazlariga qilingan hujumlar natijasida 773 nafar falastinlik halok bo‘lgan, 5101 kishi yaralangan va 41 nafar kishi bedarak yo‘qolgan.

Falastin tomoni ushbu markazlarni rasman tan olmagan. HAMAS guruhi ularni «o‘lim kapkanlari» deb atab, Isroilni insonparvarlik niqobi ostida yangi hujumlar uyushtirishda ayblamoqda.

Isroil 2 martdan boshlab G‘azoga olib boruvchi barcha quruqlikdagi o‘tish nuqtalarini yopib qo‘ygan. Faqatgina cheklangan miqdordagi yuk mashinalari Kerem-Shalom nazorat punkti orqali o‘tishga ruxsat olmoqda.

2023 yil 7 oktyabrdan buyon Isroil G‘azo sektorida keng ko‘lamli harbiy amaliyotni olib bormoqda. Ushbu amaliyot infratuzilma vayronasi, muhosara, ommaviy ko‘chirilish va ocharchilik bilan kechmoqda. Xalqaro hamjamiyat va BMT Xalqaro sudining o‘t ochishni to‘xtatish chaqiriqlariga qaramasdan, harbiy harakatlar va gumanitar inqiroz davom etmoqda.

Kiritildi: 18:19 11.07.2025. O'qildi: 449 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!