Bugun 6 iyul, 2025 yil, yakshanba

КИР

Quyosh panellarini sug‘orish kanallari ustiga o‘rnatish orqali yiliga 42,8 mlrd. kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish mumkin

A A A
Quyosh panellarini sug‘orish kanallari ustiga o‘rnatish orqali yiliga 42,8 mlrd. kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish mumkin

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti
(MHTI) ekspertlari tomonidan quyosh panellarini o‘rnatishda suv fondi yerlaridan foydalanish imkoniyatlari tahlil qilindi.

Energiya ishlab chiqarish va uni iste’molchiga yetkazishdagi xarajatlar va yo‘qotishlarni kamaytirish maqsadida quyosh panellari iste’molchiga yaqin hududlarga o‘rnatiladi. Afsuski, bunday maydonlarning yetarli emasligi quyosh panellarini joylashtirish imkoniyatini cheklashi mumkin.

Quyosh panellarining aholi punktidan uzoqqa joylashtirilishi energiya yo‘qotilishiga, u esa o‘z navbatida elektr energiyasi narxining oshishiga olib keladi. Bu muammoni hal etish uchun rivojlangan mamlakatlar tajribasini o‘rganish foydadan xoli emas.

Rivojlangan mamlakatlarda quyosh panellari ma’lum konstruksiya yordamida suv o‘tkazuvchi kanallar sahniga 1,5-4,5 metr balandlikda o‘rnatiladi. Masalan, Gollandiyada Solar Canals loyihasi doirasida 73 ming dona quyosh paneli o‘rnatilgan va ular yiliga 27 million kilovatt/soat elektr energiyasini ishlab chiqaradi.

Respublikamiz suv xo‘jaligi tizimidagi sug‘orish kanallarining umumiy uzunligi 29,7 ming kilometrni tashkil etadi. Agar kanallarning eni shartli ravishda o‘rtacha 3 metr deb hisoblansa, quyosh panellarini joylashtirish uchun qariyb 8,9 ming gektar (89,1 mln.kv.m) bo‘sh maydon mavjud.

Mavjud texnologiyalar yordamida 1 kvadrat metr quyosh paneli orqali soatiga kamida 200 vatt elektr energiyasini ishlab chiqarish mumkin. Agar yil davomida 300 quyoshli kunda o‘rtacha 8 soatdan elektr energiyasi ishlab chiqariladi, deb hisoblansa, 1 kvadrat metr maydonda yil davomida 480 kVt elektr energiyasi ishlab chiqarish mumkin. Demak, sug‘orish kanallari yuzasidagi 89,1 mln. kvadrat metr bo‘sh maydonda yiliga 42,8 mlrd. kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish mumkin.

Davlat byudjetidan irrigasiya tizimlarini loyihalash, qayta jihozlash va kapital (sug‘orish kanallari, ariqlarni) ta’mirlash ishlari uchun 1 trln. 250 mlrd. so‘m ajratiladi. Quyosh panellarini davlat-xususiy sheriklik asosida o‘rnatish esa byudjet harajatlarining bir qismini qoplaydi.

Quyosh panellarini sug‘orish kanallari sahniga joylashtirishning ijobiy tomonlari:

- quyosh panellari qiymati nisbatan arzon va bo‘sh turgan maydonga o‘rnatiladi;

- elektr energiyasini ishlab chiqarish xarajatlari va uni yetkazishdagi yo‘qotishlar kamayadi;

- suv sahnini quyosh nuridan himoyalaydi va sug‘orish tizimlarida katta miqdordagi suv bug‘lanishining oldi olinadi;

- kanallarni rekonstruksiya qilish, ta’mirlash, qayta jihozlash hamda qirg‘oqlarini obodonlashtirish uchun qo‘shimcha moliyaviy mablag‘ shakllanadi.

Ushbu taklifni tajriba loyihasi shaklida davlat-xususiy sheriklik asosida aholisi zich joylashgan Farg‘ona iqtisodiy hududidagi sug‘orish kanali yoki uning ma’lum bir qismida amalga oshirish maqsadga muvofiq.

Kiritildi: 06:52 13.10.2023. O'qildi: 1726 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!