Yaqinda bir ajoyib videorolik ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Videoda bir qator mashhur bloggerlar intervyu bergani, Komil Allamjanov va Saida Mirziyoyeva esa uni tahlil qilib o‘tirgani tasvirlangan edi. Bir qarashda yoqimli videorolik: O‘zbekiston “malikasi” videodagi mashhur bloggerlar fikriga o‘z munosabatini bildirib o‘tiribdi.
Videoning kulminasion nuqtasida Muhrim A’zamho‘jayevning «Men eng katta amaldorlarni nomini aytib hech qachon tanqid qilmaganman. Chunki — qo‘rqaman», degan fikriga Komil Allamjonov shunchaki kulgi bilan, Saida Mirziyoyeva esa «Qo‘rqmaslik kerak», deb fikr bildirgan. PR zo‘r bo‘lgan. Bir qarashda yaxshi gap: «QO‘RQMASLIK KERAK!»
Dadam yoshligimda suzishni o‘rgata turib, basseyn qirg‘og‘idagi trubani qo‘yib yuborishimni, qo‘rqmaslik kerakligini aytganlarida, trubadan qo‘limni olib suzganman. Otam har qanday holatda ham meni qutqarib qolishlarini va tashlab qo‘ymasliklarini aniq bilganman. Men otamga ishonganim uchun qo‘rquvni yengib o‘tganman.
«Qo‘rqaman», degan blogerni so‘zini eshitib kulgan Allamjonov, tabiiyki, bloger nazarda tutgan qo‘rquvni his qilmaydi. U uchun blogerning so‘zlari kulgili tuyuladi. Ortida uni qutqarib qoladigan qo‘l borligini aniq biladi. U uchun o‘sha so‘zlar chindan ham kulgili.
«Qo‘rqmaslik kerak», degan mamlakatni birinchi xonimi esa bu gaplarni tabiiy aytdi. Chunki xonim bu vaziyatda qo‘llab-quvvatlashga muhtoj odam emas, mening otam kabi «qo‘rqma», deydigan shaxsning o‘zi. Qo‘rqmaslik kerakligini ta’kidlagan xonim esa, barchaga «otalik» qila olmasligini o‘zi ham yaxshi biladi.
Videoni ko‘rib, Muhrimni gaplarini to‘liq his qildim. Men u gaplarga kula olmadim. Muhrim to‘g‘ri aytdi. Har safar bir narsa yozishdan oldin, men ham shu qo‘rquvga duch kelaman. «Qo‘rqmaslik kerak, qo‘rqmaslik kerak», deb o‘ttiz uch marta tasbeh qilib qaytarsam ham qo‘rquv meni tark etmaydi. Nimanidir qoralayotganimda, bu gal trubani qo‘yib yuborsam meni qutqara oladigan otam yo‘qligini aniq bilgan holda yozaman. Meni tanigan va bilgan tanishlarim ham menga «qo‘rqmaslik kerak», deyishmaydi. Aksincha: «Tinch tur. Ehtiyot bo‘l. Bu ketishingda bir baloga yo‘liqasan», — degan gaplarni aytishadi. Yaqinlarim ham menga qarata «qo‘rqmaslik kerak», deyishsa, qanday balolarga yo‘liqishimni yaxshi bilishadi.
Men, siz, Eshmat, Toshmat erkinlik va huquqlarimiz ular egalik qiladigan barcha narsalar chegarasida poyoniga yetishligini aniq bilamiz. Biz qimmat kresloda yastanib o‘tirib yoki minbardan turib, «qo‘rqmaslik kerak», «xalqqa xizmat qilish kerak», degan gaplarga emas, o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rayotgan voqeliklarga ishonamiz:
O‘z huquqlarini himoya qilgani uchun turli-xil tuhmatlar bilan qamoqqa olinib, o‘n besh sutka jazo o‘tagan blogerlarni;
«Qo‘rqmaslik kerak», degan shiorga amal qilib, muxolifat vakilidan intervyu olgan, keyinchalik «davlat siri» vaji ortidan «josus» degan tamg‘a olgan jurnalistni;
Muftiyatdan savol so‘ragani uchun qamoqqa olinib, uch yilga qamalgan blogerni;
Qaysidir amaldorga yoqmay qolgani uchun o‘n besh kun dom-daraksiz yo‘qolib qoladigan, na o‘ligidan, na tirigidan hech kim xabar topa olmaydigan qo‘rqinchli mamlakatda yashayotganimizni yaxshi bilamiz.
Abdullohning otasi OAVni bundan xabardor qilgani uchun farzandi tez topildi. Ammo prokurorni mashinasini (xizmat mashina emas) yo‘lda qisib yuborgani uchun bir oy yo‘qolib qolgan do‘stimni; «SNB» amaldori do‘konidan savdo qilgani kirganida xarid qilgan mahsulotlarini pulini so‘ragani uchun o‘n besh sutka qamalib chiqqan savdogarlarni taniymiz. Biz qanday mamlakatda yashayotganimiz haqida aniq tasavvurga egamiz. Bizga «qo‘rqmaslik kerak», deyish kerak emas. Biz inson mafiya yoki «ko‘cha» tarafidan emas, davlat tarafidan o‘g‘irlanadigan, yo‘qolib qoladigan, yo‘qolgan bo‘yi jazo o‘tash muassasalaridan topiladigan bir jamiyatda yashayotganimizni yaxshi bilamiz.
Qo‘rqmay yozib yubordim. Bir nima bo‘lsa, sizlardan yordam kutmayman. Chunki, Abdulloh yo‘qolganida yuqori elita vakillari emas, balki yana o‘sha blogerlar «#AbdullohQayerda?» deb kuppa-kunduz kuni chiroq yoqib, har bir idora eshigini taqillatib chiqishdi.
P.S.: Mabodo menga bir gap bo‘lsa, «#SayyidIslom qayerda?», deyish yodlaringdan chiqmasin.