Qur’oni Karimga bo‘lgan odob, Alloh subhanahu va taologa nisbatan odob hisoblanadi. Ana shunday odoblardan deb quyidagilarni eslash mumkin:
– Qur’on o‘qishda Alloh taoloning roziligini qasd qilishimiz, undan boshqa narsani istamasligimiz. Mana shu Alloh taolo qabul qiladigan qiroat hisoblanadi;
– har tomonlama pok, tahoratli bo‘lishimiz;
– Qur’on tilovat qilgan vaqtimizda pok, toza joyda o‘tirishimiz;
– o‘qishni boshlashda «a’uzu» aytishimiz. Bunda suraning boshi bo‘ladimi, o‘rtasi bo‘ladimi, baribir. Bunga dalil Alloh taoloning quyidagi oyatidir: «Qur’on o‘qigan chog‘ingda Allohdan quvilgan shayton(sharri)dan panoh so‘ragin»;
– Tavba surasidan boshqa suralarning boshida «basmala» aytish;
– Qur’oni Karimga hurmatan xushu’ va diqqat-e’tibor bilan tilovat qilishimiz;
– o‘qiganlarimizning ma’nolarini o‘rganishga harakat qilishimiz va uning mag‘zini chaqib, tafakkur qilishimiz;
– tajvid ahkomlariga rioya qilishimiz, tilovat asnosida ovozimizni chiroyli qilishimiz va mashaqqatsiz dona-dona qilib, tartil bilan o‘qishimiz;
– shuningdek, eshitayotgan kishi ham bevosita qoridan yoki biror jihoz orqali tinglaganida Qur’oni Karim oyatlariga jim quloq tutishi va tafakkur qilishi lozim;
– esnoq kelganida to u batamom ketgunicha tilovatni to‘xtatib turishimiz;
– qiroatni tamomlashda «Sodaqollohul ’aziym», deyishimiz va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning omonatni yetkazganliklariga guvohlik berishimiz;
– tilovatni gap bilan bo‘lmaslik. Faqat zarurat yuzasidan bo‘lsa, joiz. Masalan, salomga alik olish kabi;
– rahmat oyatlarida Allohdan fazlu marhamatini so‘rab, qo‘rqituv oyatlarida U zotdan panoh tilashimiz;
– Qur’onni yod olishda bardavom bo‘lishimiz va yod olganlarimizni unutib yubormasligimiz uchun doimo takror qilib turishimiz;
– Qur’oni Karimning amrlari va qaytariqlariga qat’iy rioya qilishimiz;
– Qur’oni Karim bilan xulqlanishmiz va unga doimo amal qilishimiz.
Aziz kichkintoy do‘stlarim!
Men sizlarga Qur’on yodlash sirlari haqida ustozimdan eshitgan va o‘z tajribamda sinagan ayrim narsalarni ham aytib beraymi? Undoq bo‘lsa, marhamat:
– yuqorida aytilgan tilovat odoblariga rioya qilish;
– Alloh taolodan yordam so‘rab duo qilish;
– ota-ona va ustozning duosini olish;
– odobsizliklardan, yomon ishlardan uzoq bo‘lish;
– astoydil qasd qilish va yod olishga qodirligiga ishonish;
– havosi toza, hayolni chalg‘itadigan, rang-barang bo‘lmagan, tinch, xoli joyda yod olish;
– munosib vaqt tanlash. Yodlash uchun eng afzal vaqt tong sahar va namozdan keyingi ertalabki soatlardir. Buning uchun yotishdan oldin darsni ma’lum adad o‘qib, chala yodlab olsangiz, ertalab turganingizda 3-4ta o‘qishingiz bilan dars yodlanib qoladi. Shundan so‘ng yoddan 100-150ta sanoq qilsangiz, qarabsizki, dars tayyor;
– yodlashga kirishishdan oldin to‘g‘ri o‘qishni o‘zlashtirib olish;
– dona-dona qilib, shoshilmay, ohang bilan o‘qish;
– doimo bir mushafda o‘qish;
– yod olgan suralarni takror qilib turish;
– tartibli ravishda har kuni ma’lum hajmda yodlash. Darsni ko‘paytirganda ham asta-sekin, bir qator-ikki qatordan ko‘paytirish;
– oyatlarning ma’nolarini o‘rganib amal qilish;
– agar dars ko‘p bo‘lsa, bo‘lib yodlash va bir qismi tayyor bo‘lgandan so‘ng 20-30 daqiqa dam olish.
Manba: Quran.uz