O‘zbekiston xorijiy davlatlar bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, Rossiya Federasiyasi bilan aloqalar doirasi yil sayin kengaymoqda. Boshqa yo‘nalishlar qatorida ikki mamlakatning harbiy sohadagi hamkorligi ham izchil rivojlanmoqda.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2000 yildan boshlab, O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasida harbiy sohadagi hamkorlik mudofaa mahkamalari o‘rtasida har yili imzolanadigan harbiy hamkorlik rejasi asosida amalga oshiriladi. Ushbu reja doirasida tomonlar tezkor va jangovar tayyorgarlik, harbiy kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish, zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari, havo kemalari harakatini boshqarish va parvozlar xavfsizligini ta’minlash, harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda ko‘plab tadbirlarni tashkil etib kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida ikki mamlakat hududida 300 ga yaqin qo‘shma tadbirlar o‘tkazilgani buning tasdig‘idir.
Ikki tomonlama harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlikning mustahkam normativ-huquqiy bazasi yaratilgan. So‘nggi ikki yil harbiylarimiz uchun hamkorlikning eng faol davri bo‘ldi. 2017 yil oktyabrda Jizzax viloyatidagi “Forish” tog‘-dala o‘quv maydonida O‘zbekiston va Rossiya qurolli kuchlari bo‘linmalarining qo‘shma mashg‘uloti o‘tkazildi. Poligonda bundan oldingi mashqlar 2005 yilda tashkil etilgan edi. O‘n ikki yillik tanaffusdan keyingi mashg‘ulotda ikki mamlakatdan 400 nafarga yaqin harbiy xizmatchi ishtirok etdi. Harbiylar shartli terrorchilar guruhini qidirib topish va yo‘q qilish, shuningdek, murakkab tog‘li hududlarda maxsus operasiyalarni o‘tkazish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashdi.
2017 yilning o‘zida yana ikkita diqqatga sazovor hodisa ro‘y berdi. O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federasiyasidagi elchixonasi qoshida harbiy attashe lavozimi joriy etildi. Toshkentda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan O‘zbekiston – Rossiya maslahatlashuvlarining 5-bosqichi bo‘lib o‘tdi. 2018 yil 21 may kuni Rossiya Federasiyasi mudofaa vaziri Sergey Shoygu boshchiligidagi harbiy delegasiya rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. O‘zbekiston mudofaa vaziri Abdusalom Azizov bilan muzokaralarda mudofaa sohasidagi hamkorlik va uning istiqbollari muhokama qilinib, harbiy-texnikaviy aloqalarni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.
Joriy yil 12 oktyabr kuni O‘zbekiston va Rossiya mudofaa idoralari rahbarlari yana bir bor Toshkentda uchrashdi. Bu safargi muzokarada O‘zbekiston va Rossiya mudofaa vazirlari tomonidan 2019 yilgi ikki tomonlama harbiy hamkorlik rejasi qabul qilinib, harbiy-havo kemalari tomonidan ikki mamlakat havo kengliklaridan foydalanish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Manba: uza.uz