Bugun, 11 fevral kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 2026 yil 15 mart kuni mamlakatda yangi Konstitusiya loyihasi bo‘yicha umumxalq referendumini o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda Prezidnet matbuot xizmati xabar berdi.
Farmonga muvofiq, Qozog‘iston Respublikasining yangi Konstitusiyasi loyihasi ovozga qo‘yiladi. Referendum byulleteniga fuqarolar uchun quyidagi savol kiritiladi: “Siz 2026 yil 12 fevralda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan Qozog‘iston Respublikasining yangi Konstitusiyasini qabul qilasizmi?”
Avvalroq Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatda parlament islohoti o‘tkazilishini e’lon qilgan edi. Islohot doirasida Qozog‘iston parlamenti ikki palatadan bir palataga aylantiriladi va Qurultoy deb nomlanadi. Unda 145 ta deputatlik o‘rni bo‘ladi.
Bundan tashqari, Qozog‘istonda vise-prezident lavozimi joriy qilinadi. Uni prezident parlament roziligi bilan tayinlaydi.