11 sentyabr kuni Qozog‘istonning Olmaota viloyati Ili tumanidagi temir-tersak qabul qilish punktlaridan birida kuchli portlash sodir bo‘lib, uch kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Halok bo‘lganlarning barchasi O‘zbekiston fuqarolari ekani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda viloyat IIBga tayanib, "Zakon.kz" xabar berdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, portlash noma’lum jismning ta’siri natijasida sodir bo‘lgan. Voqea joyida tezkor xizmatlar - polisiya, yong‘in xavfsizligi xodimlari va tez tibbiy yordam brigadasi ish olib borgan. Biroq, afsuski, qurbonlarning hayotini saqlab qolishning iloji bo‘lmadi.
"Ehtimol, Mudofaa vazirligining temir-tersaklari orasida portlamay qolgan minalar ham bo‘lgandir. Hozir barcha kuch tuzilmalari yetib keldi, tekshiruv olib borilmoqda," - deydi temir-tersak qabul qilish punkti egasi.
Voqea joyi to‘liq o‘rab olingan, u yerga hech kim kiritilmayapti, deb yozadi "Nur.kz." Voqea joyida kriminalistlar va Mudofaa vazirligi vakillari ishlamoqda. Hozirda portlashning aniq sabablari aniqlanmoqda.