O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari Times Higher Education tashkilotining World University Rankings—2027 reytingida o‘z ishtirokini kengaytirdi.
Yangi ro‘yxatga mamlakatimizdan 8 ta universitet kiritildi. Umuman, baholash jarayonida O‘zbekistonning 53 ta oliy ta’lim tashkiloti qatnashgan bo‘lib, ulardan 45 tasi reyting ishtirokchisi maqomida qayd etilgan.
Eng yuqori natijani "Toshkent irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universiteti ko‘rsatdi. OTM 551–600-o‘rinlar oralig‘idan joy oldi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti esa 651–700-pog‘onalar oralig‘ida qayd etilib, O‘zbekistondan top-1000 talikka kirgan ikkinchi oliygoh bo‘ldi.
Toshkent davlat texnika universiteti va Toshkent davlat transport universiteti 1001–1200-o‘rinlar guruhidan joy oldi.
O‘zbekiston Milliy universiteti, Samarqand davlat universiteti hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti 1201–1400-o‘rinlar oralig‘ida qayd etildi.
Toshkent davlat tibbiyot universiteti esa 2001+ toifasiga kiritildi.
Times Higher Education universitetlarni ta’lim sifati, ilmiy tadqiqotlar, bilim va texnologiyalar transferi hamda xalqaro hamkorlik kabi bir qator asosiy mezonlar bo‘yicha baholaydi.