Qozog‘iston hukumati Moskva va Kiyev o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari uchun vositachi bo‘lishga yoki platforma yaratishga tayyor, dedi respublika tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Roman Vasilenko.
«Qozog‘iston dastlab o‘z xizmatlarini ehtimoliy vositachi yoki urushayotgan ikki tomon o‘rtasida muzokaralar o‘tkazish joyi sifatida taklif qilgan. Bu pozisiya o‘zgarmadi», — dedi Vasilenko Deutsche Welle’ga bergan intervyusida Qozog‘istonning Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaro bo‘yicha pozisiyasi haqidagi savolga javob berar ekan.
Diplomatning tushuntirishicha, Ostona «cheklangan betaraflik» pozisiyasini egallab, ham Rossiya, ham Ukraina bilan munosabatlarni saqlab qoladi. «Biz xizmatlarimiz o‘z vaqtida kerak bo‘lishini kutamiz, shuning uchun biz bunday vazmin pozisiyani egallab turibmiz», deya aniqlik kiritdi u va Qozog‘iston rasmiylari BMT Nizomi va davlatning hududiy yaxlitligini hurmat qilishini qo‘shimcha qildi.
U, shuningdek, urush Ukraina, Rossiya va Qozog‘iston uchun katta fojia ekanini ta’kidladi.