Qozog‘iston temir yo‘l transportida benzin va dizel yoqilg‘isini olib chiqishga taqiq joriy qildi.
«Nur.kz» nashrining tegishli hujjatga tayanib yozishicha, mamlakat energetika, moliya va ichki ishlar vazirliklari hamda Milliy xavfsizlik qo‘mitasi ichki bozorda taqchillikning oldini olish maqsadida 2025 yil 1 fevraldan 2025 yil 29 martgacha benzin va dizel yoqilg‘isi eksportini taqiqlovchi qo‘shma buyruq chiqargan.
Bundan insonparvarlik yordami yoki tabiiy ofatlar, avariya va falokatlarning oqibatlarini bartaraf etish maqsadlari mustasno.
Shuningdek, xuddi shunday taqiq 2024 yilning 29 sentyabridan avtotransport vositalarida benzin va dizel yoqilg‘isini respublikadan olib chiqishga nisbatan joriy qilingan edi. Mazkur cheklov ham joriy yil mart oyining oxirigacha amal qiladi.
Qayd etilishicha, Qozog‘istonda Ai-95 markali benzin narxi Yevropaning boshqa davlatlari orasida eng arzon bo‘lsa-da, aholining shu turdagi yoqilg‘i bilan ta’minlanganligi bo‘yicha Qozog‘iston Yevropaning ko‘pgina davlatlaridan past. Mamlakatda bir qozog‘istonlikning o‘rtacha ish haqiga 1 208,9 litr Ai-95 benzin sotib olishi mumkin. Ushbu ko‘rsatkich bilan tahlilchilar Qozog‘istonni reytingda 32 davlat orasida atigi 16-o‘ringa qo‘ygan.
O‘z navbatida, Qozog‘istonda yonilg‘i narxlari tez orada oshishi ham istisno qilinmayapti.