Bugun 19 noyabr, 2025 yil, chorshanba

КИР

Qoraqalpog‘istonda Mikrokreditbank xodimlari mijozlarning qariyb 10 mlrd so‘m omonat pullarini o‘zlashtirib yuborgani aytilmoqda

Qoraqalpog‘istonda Mikrokreditbank xodimlari mijozlarning qariyb 10 mlrd so‘m omonat pullarini o‘zlashtirib yuborgani aytilmoqda

Mikrokreditbank ATB To‘rtko‘l bank xizmatlari markazining 14 nafar xodimiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ular 17 kishining omonatga qo‘yilgan jami 9 mlrd 577 mln so‘m pulini talon-toroj qilganlikda gumonlanmoqda. Jabrlanuvchilardan biri Kun.uz bilan bog‘lanib, yillar davomida musofirchilikda ishlab topgan pulini omonatga qo‘yganini, sud zararni undirishni bankka emas, sudlanuvchilarga qaratishidan xavotirda ekanini bildirdi.

Mikrokreditbank ATB To‘rtko‘l bank xizmatlari markazi xodimlari mijozlarning omonat pullarini talon-toroj qilganlikda gumonlanmoqda.

Kun.uz tanishgan tergov hujjatida keltirilishicha, jinoyat ishi bo‘yicha Mikrokreditbank ATB To‘rtko‘l bank xizmatlari markazining 14 nafar xodimi ayblanmoqda. Ular orasida markaz boshqaruvchisidan tortib kassirgacha bor. Gumonlanuvchilarning 3 nafariga qamoqqa olish tarzidagi, qolganlariga munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, Mikrokreditbank ATB bosh ofisi tomonidan Mikrokreditbank ATB To‘rtko‘l bank xizmatlari markazida 2022 yil 1 yanvardan 2024 yil 1 iyulgacha bo‘lgan davr oralig‘ida omonat pul mablag‘larining qabul qilinishi, saqlanishi va omonatchilarga qaytarilish holatlari yuzasidan tekshiruv o‘tkazilgan. Jarayonda markaz xodimlari til biriktirib, 17 nafar mijozning omonatga qo‘ygan 9 mlrd 577 mln so‘m mablag‘ini talon-toroj qilgani aniqlangan.

Markaz boshqaruvchisi rahbarligidagi uyushgan guruh a’zolari omonat pullarini quyidagi jinoiy reja asosida talon-toroj qilgani qayd etilgan:

· yangi mijozlar va oldindan bank mijozlari bo‘lgan shaxslar uzoq muddatli omonat hisoblarini ochish va pulini omonatga qo‘yish orqali daromad topishga qiziqtirilgan;

· rasmiylashtirilgan omonat shartnomasi, omonat daftarchalari va boshqa hujjatlarga omonatga qo‘yilayotgan pul miqdorini kamaytirgan holda kiritishgan. Bu orqali mijozlar tomonidan taqdim etilgan pul mablag‘larini bank kassasiga kirim qilmaslik maqsad qilingan. Mijozlarga esa pul mablag‘lari to‘g‘ri ko‘rsatilgan hujjatlar taqdim etilgan;

· so‘ngra pul mablag‘lari omonatchilarning hisobraqamlaridan ular haqida kiritilgan soxta ma’lumotlar asosida kassa xodimlarining elektron imzolari orqali naqd ko‘rinishda yechib olingan. Omonat hisobraqamlari esa muddatidan oldin tugatilgan;

· mijozlarning omonat hisobraqamlari butkul to‘xtab qolishi va yo‘q bo‘lib ketishining oldini olish maqsadida omonatchilarning xabarisiz yangi omonat va boshqa bank hisobraqamlari yaratilgan. Ushbu hisobraqamlarga bank kassasi orqali turli miqdorda pul mablag‘lari kirim qilingan. Bu orqali kelgusida noqonuniy ravishda chiqim qilingan pullarni hisobraqamlarga qaytarish orqali jinoiy harakatni yashirish maqsad qilingan;

· jinoiy guruh a’zolari mijozdan soxta hujjatlar asosida qabul qilinib, bank kassasiga kirim qilinmagan hamda soxta qaydlar asosida bank hisobraqamlaridan chiqim qilingan pullarni jinoiy guruh rahbariga yetkazgan. To‘plangan pul mablag‘lari jinoiy guruhning 4 a’zosi o‘rtasida taqsimlangan. Shu tariqa, mijozlarning omonat pul mablag‘lari ularning bank hisobraqamlariga qaytarilmasdan talon-toroj qilingan.

2023-2024 yillarda Mikrokreditbank ATB To‘rtko‘l bank xizmatlari markazining vaqtinchalik boshqaruvchisi bo‘lgan shaxs tergovdagi ko‘rsatmasida aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan. U o‘z ko‘rsatmasida mijozlarning omonat pullari omonat hisobraqamlaridan yechib olinganini aytgan. Qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan qolgan ikki gumonlanuvchi esa ularga qo‘yilgan aybga iqror bo‘lmagan.

Qariyb 20 yildan buyon Rossiyada mavsumiy ishlarda ishlab kelaman. To‘plagan pulimni davlat banki deya ishonib Mikrokreditbankka omonatga qo‘ygandim. Mana, 1,5 yildan buyon pulimizni ololmaymiz. Axir u pullarni musofirchilikda peshona terim bilan topganman”, deydi holat bo‘yicha Kun.uz’ga bog‘langan jabrlanuvchilardan biri.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a, v” bandlari hamda 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a, b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov yakunlanib, jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqilmoqda. Jabrlanuvchilar sud zararni undirishni bankka emas, sudlanuvchilarga qaratishidan xavotirda ekanliklarini bildirmoqda.

Kun.uz holat yuzasidan Mikrokreditbank ATB axborot xizmati bilan bog‘landi. Bank matbuot kotibi hozirda ushbu holat yuzasidan sud hukmi kutilayotganini, mijozlar omonati talon-toroj qilingani o‘z tasdig‘ini topib, uni qoplash sud hujjati bilan bankka yuklatilsa, yetkazilgan zarar muammosiz to‘lab berilishini bildirdi.

Kiritildi: 00:56 31.10.2025. O'qildi: 1085 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!