Turkiyaning Qora dengiz mintaqasi so‘nggi yillarda xalqaro sport maydonida tobora ko‘proq e’tibor qozonmoqda. Baland cho‘qqilar, tik vodiylar, zich o‘rmonlar va tog‘ so‘qmoqlari bu hududni sportning turli yo‘nalishlari uchun tabiiy maydonga aylantirgan.
Joriy yilning 11–13 sentyabr kunlari ushbu hudud Kachkar by UTMB 2026 musobaqasining ikkinchi nashriga mezbonlik qiladi. O‘tgan yili Rize 59 mamlakatdan 1878 sportchi bilan birga o‘n minglab sport ixlosmandlarini qabul qilgan bo‘lsa, bu yil 60 dan ortiq mamlakatdan 2000 dan ortiq sportchi ishtirok etishi kutilmoqda. Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi hamda TGA ko‘magida o‘tkaziladigan ushbu poyga Rize viloyatining Chamlihemshin hududidagi Kachkar tog‘larining tik va murakkab yo‘llari bo‘ylab davom etadi. Bu shunchaki poyga emas, balki Qora dengizning betakror manzaralari bag‘rida jismoniy va ruhiy bardosh sinaladigan unutilmas tajribadir.
Kachkar by UTMB 2026 doirasida musobaqalar to‘rtta yo‘nalishda o‘tkaziladi: Kachkar 100K, Kachkar 50K, Kachkar 20K va Ayder 4K. Barcha yo‘nalishlar Ayder yaylovidan boshlanadi.
Kachkar 100K — ishtirokchidan katta chidamlilik, diqqat va qat’iyatni talab qiladigan murakkab yo‘nalish. 82 kilometrga cho‘zilgan poygada umumiy balandlik farqi 5 600 metrni tashkil etadi. Sportchilar tog‘ tizmalari va vodiylardan o‘tib, Kachkarning o‘ziga xos ruhini aks ettiruvchi 12 ta tog‘ qishlog‘ini kezib o‘tadilar.
Kachkar 50K yo‘nalishi 44 kilometr masofaga cho‘zilib, 3 000 metrdan ortiq balandlikka ko‘tariladi. Yo‘l davomida ishtirokchilar yam-yashil o‘rmonlar, Kemer tog‘i, shuningdek, 300 yillik tosh uylari bilan mashhur Hazindak va Samistal yaylovlaridan o‘tadilar.
Kachkar 20K da masofa qisqaroq bo‘lsa-da, yo‘nalish balandlik, tez-tez o‘zgarib turadigan ob-havo, musaffo tog‘ havosi va jonli qishloq manzaralari bilan ishtirokchilardan diqqat va puxta tayyorgarlikni talab qiladi. Ayder 4K esa taxminan 4 kilometr masofaga cho‘zilib, 230 metr balandlikka ko‘tariladi va ishtirokchilarga mintaqaning o‘ziga xos tog‘ manzaralarini yaqindan his qilish imkonini beradi. Shu jihatdan u tog‘ so‘qmoqlarida yugurishni ilk bor sinab ko‘rayotganlar uchun ayni muddaodir.
Kachkar tog‘lari: Yer yuzidagi “Jannat”
Sharqiy Qora dengiz mintaqasida dengizga parallel ravishda cho‘zilgan Kachkar tog‘lari Rize va Artvin viloyatlari chegaralari bo‘ylab joylashgan. Bu jannatmakon hudud dunyodagi eng boy biologik xilma-xillikka ega maskanlardan biridir. O‘zining noyob yovvoyi tabiati bilan esa Turkiyaning eng mashhur ochiq havodagi sport manzillari qatoridan munosib o‘rin egallaydi.
Kachkar tog‘lari qishda ham o‘ziga xos joziba kasb etadi. Qor ishqibozlari Ovit va Handuzu kabi baland yaylovlarda, musaffo qish manzaralari bag‘rida chang‘i uchishlari mumkin. Shuningdek, Kachkar tog‘lari Yevropaning heliskiing (chang‘i uchish joyiga vertolyot orqali chiqish) bo‘yicha eng yaxshi maskanlaridan biri sifatida xalqaro miqyosda tanilgan.