1️⃣ Andijon shahri va Oltinko‘l tumanida yashovchi 1995, 1998, 2002 yillarda tug‘ilgan 3 nafar shaxs kripto-aktivlar bilan shug‘ullanuvchi Andijon tumanida istiqomat qiluvchi, 2004 y.t. fuqaroni avtomashinaga majburlab o‘tqazib, unga o‘zlarini go‘yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari sifatida tanishtirishadi.
So‘ngra, jinoiy guruh a’zolari tovlamachilik yo‘li bilan uning 100 ming AQSh dollari miqdoridagi kriptovalyutalarni o‘zlashtirib olib, evaziga unga 160 ming qalbaki AQSh dollari berishadi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda soxta xodimlar qo‘lga olinib, ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Hozirda holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandi va 176-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
2️⃣ Surxondaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa, Denov shahrida yashovchi, 1993 y.t., muqaddam sudlangan shaxs Dushanbe shahrida istiqomat qiluvchi, 1993 y.t. Tojikiston Respublikasi fuqarosini noqonuniy ravishda ushlab turgan.
Aniqlanishicha, denovlik shaxs Dushanbe shahrida yashovchi 1988 y.t. tanishiga 11 ming AQSh dollari bergan va garov sifatida uning sherigini Denov shahrida olib qolgan.
Pullar o‘z vaqtida qaytarilmaganidan so‘ng, mazkur Tojikiston fuqarosini tutqunlikda ushlab, turli xil qiynoqlarga solib, unga og‘ir darajada tan jarohati yetkazgan.
Hozirda denovlik zo‘ravonga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
3️⃣ Xorazm viloyatida ham o‘zlaridan ko‘cha yasab olib, o‘zgalarga zo‘ravonlik qilgan shaxslar ushlandi.
Jumladan, Urganch va Xiva shaharlarida hamda Bog‘ot tumanida yashovchi, 1991, 1996 va 1997 yillarda tug‘ilgan 3 nafar fuqaro o‘z hududlarida “ko‘cha yechimi”ga aralashib, jinoyatlar sodir qilib kelishgan.
Ko‘rilgan chora tadbirlar natijasida ularning har biriga nisbatan Jinoyat Kodeksining 277-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
4️⃣ Viloyatning Yangiariq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, 1965 y.t. shaxs o‘zining yashash xonadonida qimor o‘yinlari tashkil qilganligi ma’lum bo‘lib, ushbu xonadonda qimor o‘ynayotgan 5 nafar shaxsdan jami 32 mln so‘m va o‘yin kartalari olindi.
Endilikda ular qonun oldida javob berishadi.
5️⃣ Narkojinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1950 y.t. muqaddam sudlangan fuqaro o‘zining yashash xonadonida kelgusida sotish maqsadida 20 kg 400 gr. “marixuana” giyohvandlik vositasini saqlab kelayotganligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
❗️ Bu kabi salbiy holatlarga nisbatan esa huquq-tartibot idoralari tomonidan qat’iy choralar ko‘riladi!