Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, ularni asrash borasida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Zero, yer odamlarni boqsa, kiyintirsa, suv esa tiriklik manbai, tabiatning bebaho in’omidir.
Ayni chog‘da qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning umumiy maydoni 20 236,3 ming gektarni tashkil etadi. Bundan 3,2 million gektari sug‘oriladigan ekin yer maydonlari bo‘lib, unda aholining ehtiyoji uchun oziq-ovqat mahsulotlari, iqtisodiyot tarmoqlari uchun esa zarur xom ashyo yetishtirilmoqda.
Lekin so‘nggi yillarda mamlakatimiz aholisi sonining yuqori sur’atlar bilan o‘sib borishi, qishloq xo‘jaligi yerlarining boshqa toifaga o‘tkazilishi va global iqlim o‘zgarishi ta’sirining keskinlashuvi oqibatida aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan sug‘oriladigan yer maydonlari o‘lchami 24 foizga, o‘rtacha yillik suv ta’minoti darajasi esa 3 048 metr kubdan 158,9 metr kubgacha qisqargani kuzatilmoqda.
Bu borada yurtimizda sug‘oriladigan maydonlarning unumdorligini oshirish, meliorativ holati va suv ta’minotini yaxshilash maqsadida davlat dasturlari doirasida keng ko‘lamli irrigasiya va meliorasiya tadbirlari amalga oshirilmoqda. Bu sa’y-harakatlar natijasida 2008 — 2017 yillar mobaynida 1,7 million gektardan ortiq sug‘oriladigan maydonlarning suv ta’minoti hamda 2,5 million gektar maydonlarning meliorativ holati yaxshilanishiga erishildi.
Prezidentimizning 2019 yil 17 iyundagi “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ushbu salbiy oqibatlarning ta’sirini kamaytirish va kelgusida bartaraf qilishga xizmat qilayotir.
Mazkur hujjatdan respublikada yillar davomida irrigasiya va meliorasiya holati yomonlashuvi natijasida foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni bosqichma-bosqich qayta foydalanishga kiritish, yer osti suv zaxiralaridan samarali foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda ichki irrigasiya tarmoqlarini rekonstruksiya qilish orqali suv yo‘qotilishini kamaytirishdek muhim vazifalar o‘rin olgan.
O‘tgan qisqa davrda sug‘oriladigan va lalmi yerlar, tog‘ va tog‘oldi hamda cho‘l-yaylov hududlarining tuproq unumdorligini oshirish, suv va boshqa tabiiy resurslardan samarali foydalanish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Qolaversa, zamonaviy usullar asosida mamlakat oziq-ovqat ta’minoti barqarorligiga erishish uchun yangi serhosil qishloq xo‘jaligi ekinlari, ularning birlamchi urug‘chiligini yaratishga alohida e’tibor qaratilyapti.
Olib borilayotgan chora-tadbirlar qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan ehtiyotkorlik bilan foydalanish tabiiy tizimlarda ekologik muvozanat va bioxilma-xillikni saqlashga yordam beradi. Toza va sog‘lom suv ekotizimlarini saqlash ularning ifloslantiruvchi moddalarni mustaqil ravishda qayta ishlash va turli xil suv organizmlarining hayotini qo‘llab-quvvatlash qobiliyatini ta’minlaydi.
Qishloq xo‘jaligida ishlatiladigan kimyoviy o‘g‘itlar va pestisidlar, agar ular to‘g‘ri ishlatilmasa, suv resurslarini ifloslantirishi mumkin. Atrof-muhit omillarini hisobga olish va suv resurslarini hurmat qilish suvning kimyoviy birikmalar bilan ifloslanish xavfini kamaytirishga, sanoat va maishiy maqsadlarda foydalanish uchun zarur bo‘lgan suv sifatini oshirishga yordam beradi.
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasida 18,7 ming km. yoki 66 foizi tuproq o‘zanli bo‘lgan magistral va xo‘jaliklararo kanallarning beton qoplamali ulushini 13,1 ming km.ga yoki 46 foizga yetkazish, shuningdek, meliorasiya ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish natijasida sug‘oriladigan yer maydonlarida sho‘rlangan maydonlarni 1,7 million gektargacha kamaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Keyingi yillarda yurtimizda ushbu masalaga bu darajada katta e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki suv manbalari O‘zbekistondagi ko‘plab ekotizimlar, jumladan, daryolar, ko‘llar va suv omborlari uchun muhim ahamiyatga ega. Suv resurslariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish va ularni boshqarish biologik xilma-xillikni saqlashga, suv sifatini yaxshilashga olib keladi va ekoturizmni saqlash hamda rivojlantirish imkonini beradi.
Quvonarli tomoni, qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, ayniqsa, suvni tejash mamlakatga iqlim o‘zgarishiga moslashish va ichimlik suvining kamayishi, yong‘in va qurg‘oqchilik xavfining oshishi kabi salbiy ta’sirni yumshatishda muhim omil bo‘ladi.
Umuman olganda, agrosanoat tizimida suv resurslarini saqlash, ekologik omillarni hisobga olish fermerlar va qishloq xo‘jaligi korxonalarining jamiyat oldidagi mas’uliyati va burchidir. Zero, bu oziq-ovqat xavfsizligini va uzoq muddatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Botirbek TO‘RAZODA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.