Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 24 mart kuni pasport ishlab chiqarish jarayonini va yangi “zagran” pasportlarni ko‘zdan kechirdi. Bu haqda “AKIpress” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 3 oydan so‘ng Qirg‘izistonda amaldagi xorijga chiqish pasportlari blankalarini chiqarish to‘xtatiladi. Ularning o‘rniga yangilarini chop etish boshlanadi.
Umumiy fuqarolik pasportining yangi blankalarining dizayni o‘zgartirildi. Endi unda Qirg‘iziston va uning diqqatga sazovor joylarini aks ettiruvchi qo‘shimcha tasvirlar mavjud. Jumladan, “Intimak Ordo” binosining surati ham joy olgan. Ultrabinafsha nurlarda tasvirlar o‘zgarib turadi, shuningdek, Manasning tasviri tushirilgan gologrammalar ham qo‘shilgan.
Bosmaxona direktori Qirg‘iziston pasportlarini qalbakilashtirishdan himoya qilish darajasi dunyodagi eng yaxshi o‘ntalikka kirishini aytdi. Bu esa ularning xalqaro talablarga javob berishini tasdiqlayotganini ta’kidladi.
Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, 2024 yil yakuniga ko‘ra Qirg‘izistonda 770 ming 103 ta pasport tayyorlangan: 359 ming 221 ta umumfuqarolik pasporti, 410 882 ta ID-karta.