Qirg‘iziston birlashgan energiya halqasidan chiqmadi. Bu haqda energetika vaziri Do‘squl Bekmurzayev matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoning uch mamlakati parallel ravishda ishlamoqda.
«Bu ishonchlilik beradi, ammo bugun favqulodda vaziyat yuzaga keldi, men bu haqda hozircha izoh berishni istamayman. Buning sabablarini aniqlash uchun davlatlararo komissiya tuziladi. Hozircha favqulodda vaziyat tufayli har bir energetika tizimi o‘z rejimini o‘rnatishga harakat qilmoqda, keyin u sinxronlashtirilib, yagona tizimga ulanadi», — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Energetika vazirligi matbuot kotibi Jiyde Zootbekova Qirg‘iziston avariya tufayli Markaziy Osiyo yagona energetika tizimidan chiqqanini ma’lum qilgandi. Shu tufayli mamlakatda elektr energiyasini bosqichma-bosqich tiklash boshlandi.