Qirg‘izistonda O‘zbekistonga eksport qilinishi tufayli go‘sht keskin qimmatlashdi, deb yozdi «Akchabar» Qirg‘iziston Antimonopoliya xizmatiga tayanib.
Sentyabr oyida Qirg‘iziston bozorlarida go‘sht narxining keskin o‘sishi kuzatildi, bu iste’molchilarni ham, davlat idoralarini ham xavotirga soldi, deb yozdi nashr. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, avgust va sentyabr oylarida mol go‘shti narxi 6,76 foizga oshgan.
Avgust oyida mol go‘shtining o‘rtacha narxi 1 kg uchun 570,23 so‘m (86,4 ming o‘zbek so‘mi) etib belgilangan bo‘lsa, sentyabr oyidayoq bu ko‘rsatkich 650 so‘mga (98,5 ming so‘m) yetgan.
Avvaliga tashkilot narxlarning oshishiga sentyabrdagi an’anaviy to‘y mavsumi va ozuqa yetishmasligi sabab bo‘lganini ma’lum qilgandi. Biroq hozirda Antimonopoliya xizmati vakillarining qayd etishicha, O‘zbekistonga va undan keyin Tojikistonga go‘sht eksportining sezilarli darajada oshgani asosiy omil bo‘lgan.
«Hozirda katta hajmdagi go‘sht O‘zbekistonga, u orqali Tojikistonga ketmoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligi bunga javoban respublikadan go‘sht olib chiqishga vaqtinchalik taqiq joriy etishni taklif qildi», — dedi Antimonopoliya xizmatining tartibga solinadigan sohalar bo‘limi boshlig‘i Sirgak Omorov «Akchabar»ga.
Go‘sht eksportiga qo‘yilgan vaqtinchalik taqiq o‘tgan hafta bekor qilindi. Qayd etilishicha, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Antimonopoliya xizmatining birgalikdagi faoliyati natijasida narxlar pasaytirilgan. Agar sentyabr oyi boshida o‘sish deyarli 100 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, hozir narxlar avvalgi darajasiga qaytdi, deyiladi xizmat xabarida.