19 oktyabr kuni Botken viloyatining Qizil-Kiye shahrida Qirg‘izistonning yetti millioninchi fuqarosi tug‘ildi, deya xabar beradi Qirg‘iziston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘iziston aholisi soni ortib bormoqda. Mamlakatda so‘nggi yillarda sodir bo‘layotgan demografik jarayonlar aholi o‘sishining yuqori sur’atlari bilan tavsiflanadi. Tashqi migrasiya saldosi salbiy bo‘lib qolmoqda, biroq so‘nggi yillarda uning qiymati sezilarli darajada kamaydi.
Respublikaning doimiy aholisi soni 2022 yil 1 avgust holatiga 6 million 977 ming kishini, 2022 yil 1 oktyabr holatiga esa 6 million 995 ming kishini tashkil etdi. Mamlakatning olti millioninchi fuqarosi Aylin Qojosheva 2015 yil 25 noyabrda O‘sh shahrida, besh millioninchi fuqaro - Quramayev Tinishtiqbek 2002 yil 27 avgustda Bishkek shahrida, to‘rt millioninchi — Qayipova Qanikey 1985 yil 27 may O‘sh viloyati Qora-suv tumanida tug‘ilgan.
Etti millioninchi Qirg‘iziston fuqarosi mamlakatning olti millioninchi fuqarosi tug‘ilganidan 7 yil o‘tib tug‘ilgan va olti millioninchi va besh millioninchi fuqaro o‘rtasidagi farq 13 yosh, besh millioninchi va to‘rt millioninchi fuqaro o‘rtasidagi farq esa 17 yoshni tashkil qilgan.