Qatarda futbol bo‘yicha 2022 yilgi jahon chempionati uchun qurilayotgan stadionlarning uchinchisi tayyor holga keltirildi. "The Education City Stadium” ya’ni, “Ta’lim shahri” deb nomlangan ushbu stadion Doha shahrining yaqinida joylashgan bo‘lib, 40 000 muxlisni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi.
“Ushbu stadionning ochilishi 15 iyunda bo‘lib o‘tadi va unda koronavirus pandemiyasi davrida muhim ishlarni bajarishda hissa qo‘shgan ishchilar e’tirof etiladigan jonli efir bo‘ladi. Shuningdek,ushbu dasturda sportning kelajagi,ruhiy sog‘lomlik va koronavirusdan keyingi davrdagi muxlislarning holatlari ham muhokama qilinadi”, deyiladi tashkiliy qo‘mitaning bergan bayonotida.
O‘rta Sharq mamlakatlari ichida birinchi bo‘lib Jahon chempionatini qabul qilayotgan Qatar 8 ta stadionni o‘z vaqtida topshirish uchun ushbu musobaqaga tayyorgarlik va qurilish ishlarini davom ettirmoqda.
“Biz odatdagidan sekinroq tarzda ishlashni davom ettirmoqdamiz.Lekin biz infratuzilma borasida o‘yinlardan oldin tayyor bo‘lamiz. Yana ikkita stadionning 80 foiz ishini tugalladik va ularni Qatar 2022 boshlanishidan yarim yil oldin topshiramiz”, deydi Oliy Qo‘mita bosh kotibi Hasan al-Tavadi.
Ma’lumot uchun,hozirda Qatar hukumati karantin cheklovlarini yumshatishni boshladi. Jumladan,odamlarning tashqarida niqobsiz mashg‘ulot olib borihslariga ruxsat berildi, xizmat ko‘rsatish va savdo sohasida faoliyat olib boruvchilarning ish soati uzaytirildi.
Qatarda hozirgacha 63 mingdan ziyod kishi koronavirus bilan kasallandi va ushbu virus sabab 45 kishi vafot etdi.