Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 12 sentyabr kuni soat 11:30 larda, Qashqadaryo viloyati, Nishon tumani hududidan o‘tgan 4K 333 “Nishon-Gres” avtomobil yo‘lining 5-kilometrida, haydovchi, 1994 yilda tug‘ilgan O.Q. “Gaz-5327” rusumli yuk avtomobilini boshqarib ketayotib, yo‘lning o‘ng tomonidan ketayotgan piyodani urib yubormaslik maqsadida qarama-qarshi yo‘lga chiqib, qarshisidan kelayotgan haydovchi, 2000 yilda tug‘ilgan SH.T. boshqaruvidagi “Neksiya” rusumli avtomobil bilan to‘qnashgan.
Natijada, “Neksiya” rusumli avtomobil yo‘lovchisi 6 yoshli SH.U. og‘ir tan jarohatlari olib voqea joyida vafot etgan. Ushbu avtomobil yo‘lovchilari 24 yoshli SH.A. va 69 yoshli A.M.lar tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan.
Mazkur YTH yuzasidan Nishon tumani IIB huzuridagi TB tomonidan tergovoldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, “Gaz-5327” rusumli yuk avtomobil haydovchisi O.Q. bir yil davomida ikki marotaba, “Neksiya” rusumli avtomobil haydovchisi SH.T. esa bir marotaba qoidabuzarlik sodir etgan.
"Barcha haydovchilardan yo‘llarda harakatlanganda belgilangan qoidalarga amal qilishlarini, piyodalar avtomobil yo‘llarining qatnov qismida harakatlanib, haydovchilarning erkin harakatlanishiga halaqit bermasliklarini so‘rab qolamiz", deyiladi O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB Axborot xizmati xabarida.