Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryoda 4 yoshli bog‘cha tarbiyalanuvchisini «Afrosiyob» tezyurar poyezdi urib ketgani haqida xabar va video tarqaldi. Poyezddan olingan videoda bola temiryo‘lda o‘ynayotgani va poyezd bosib ketgani tasvirlangan. Holat yuzasidan viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi munosabat bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, hodisa 2022 yil 9 sentyabr kuni soat Qarshi—Maroqand temiryo‘l yo‘nalishining Koson tumani, «Qo‘ng‘irtog‘» MFY hududidan o‘tuvchi qismida harakatlanayotgan «Afrosiyob» tezyurar poyezdi bilan sodir bo‘lgan.
Poyezd bosib ketishi natijasida vafot etgan bolakay 2020 yil mart oyida tavallud topgan. U 4 yosh emas, endigina 2 yarim yoshga to‘lgan.
Bola ilk marta 8 sentyabr kuni Koson tumani Qo‘ng‘irtog‘ mahallasida joylashgan nodavlat bog‘chaga onasi tomonidan olib kelingan.
Ertasi kuni bola tushlikdan o‘tgandan keyin bog‘chadan chiqib poyezd yo‘l tomonga yurib borgan.
Poyezd yo‘l tagida o‘tish joyi bo‘lgani uchun bola va onasi shu joydan bog‘chaga qatnagan.
Voqea 9 sentyabr soat 15:33 lar atrofida sodir bo‘lgani, bola tushlik paytida bog‘cha tarbiyachilari tomonidan nazoratsiz qoldirilgani aytilmoqda.
«Holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda, qo‘shimcha ma’lumotlar beriladi» deyiladi munosabatda.