Bugun 8 sentyabr, 2025 yil, dushanba

КИР

Qashqadaryoda auksiondan yutib olingan uy nega egasiga berilmadi?

A A A
Qashqadaryoda auksiondan yutib olingan uy nega egasiga berilmadi?

Yaqinda tahririyatimizga Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar “Qo‘rg‘oncha” mahallasida yashovchi H.Shamsiyevdan murojaat kelib tushdi. Unda fuqaroning uy-joy yutib olish uchun auksion savdolarida qatnashgani, salohiyatli g‘olib sifatida topilgani, ammo hali hamon Qarshi shahar majburiy ijro byurosi tomonidan mol-mulk unga topshirilmasdan kelayotgani aks etgan.

Murojaatni o‘rganish asnosida olingan xulosalar quyidagicha bo‘ldi.

Ma’lum bo‘lishicha, H.Shamsiyev 2023 yil 24 mart kuni onlayn “E-Auksion” savdosiga qatnashib, lot raqami №4713163 bo‘lgan Qarshi shahar “Roguzar” mahallasi “I.Karimov” ko‘chasi 497-uy 7-xonadonni salohiyatli g‘olibi sifatida tasarruf etilgan. Aniqrog‘i H.Shamsiyevdan oldinda turgan auksion g‘olibi belgilangan muddatda uyni pullarini to‘lamaganligi sababli, onlayn auksion ikkinchi salohiyatli g‘olib sifatida uyni H.Shamsiyevga taklif qilgan. Shundan so‘ng u uyning pullarini to‘liq to‘lagandan so‘ng “Elektron-onlayn auksionlarni tashkil etish markazi” unitar korxonasi tomonidan 2023 yilning 25 aprel sanasida №OA0414-889655-sonli “elektron onlayn auksion natijalari to‘g‘risidagi” bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Bayonnomada Husanjon Shamsiyevning g‘olib sifatida topilgani va unga uy 229 million 545 ming 750 so‘mga sotilgani qayd etilgan.

– Bayonnomani olib Qarshi shahar majburiy ijro byurosiga borganimizda ijro xodimi uyni olib berolmasligini aytdi, – deydi H.Shamsiyev. – Biz hayron qoldik va sababini so‘raganimizda uyni egasi auksionda birinchi g‘olib bo‘lgan fuqaro bilan o‘zaro kelishib uyni sotganini aytdi. Uy auksion savdolariga qo‘yilsayu, biz g‘olib sifatida topilib pulini to‘lasakda, muddatida to‘lovni qilmagan birinchi g‘olib, uyning asl egasi bilan kelishib uyni sotib yuborsa? Unda auksiondagi shaffof tizim qayerda qoldi? Aslida uyni sudning qaroriga asosan auksion savdolariga qo‘ygan majburiy ijro byurosi qanday qilib bundan bexabar qoladi? Bank va Ijro xodimlari auksion jarayoni ketayotganini bilib turib nima uchun noqonuniy ish qildi? Davlatimiz rahbari va Vazirlar Mahkamasi tomonidan chiqarilgan qarorlarni Bank va Majburiy ijro byurosi tan olmaydimi? Yoki qandaydir manfaat bormi? Uyni 2023 yil 19 aprel kuni oldi-sotdi qilishgan. Qanday qilib auksionda turgan vaqtda uyni taqiqlari yechib yuborildi?

Ushbu holat yuzasidan Majburiy ijro byurosi Qashqadaryo viloyati boshqarmasidan so‘ragan izohimizga quyidagicha javob keldi:

“Qarshi shahar, Qo‘rg‘oncha MFY, Bog‘bon ko‘chasi 42-uyda yashovchi X.Shamsiyevning murojaati yuzasidan.

Aniqlanishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudining 24.10.2019 yidagi 2-1801-1910/20849-sonli ijro varaqasiga asosan qarzdorlar Jo‘rayev Abror Tolibovich va YATT Jo‘rayev Abror Tolibovichlardan undiruvchi ATB “Asakabank” foydasiga kredit va foizdan bo‘lgan jami 153 140 367 so‘m undirish hamda undiruv Jo‘rayev Abror Tolibovichga tegishli bo‘lgan, garovga qo‘yilgan Qarshi shahar Roguzar MFY, I.Karimov ko‘chasi 497-uy, 7-xonadonga qaratish haqidagi ijro hujjatining indeks-1 (qarzdor Jo‘rayev Abror Tolipovich) Byuroning Qarshi shahar bo‘limiga 04.12.2020 yilda kelib tushgan va ijro ishi yuritilgan.

Ijro ishi undiruvchi ATB “Asakabank” Qarshi filiali ijro hujjatini qaytarish haqidagi marojaat qilgan xatiga 31.03.2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida” gi Qonunning 40-moddasi 1-qismi 1-bandi bilan tamomlangan.

Ijro hujjatining indeks-2 ya’ni qarzdor YATT Jo‘rayev Abror Tolipovichdan 153 140 367 so‘m qarzdorlikni undirish haqidagi ijro hujjati 14.12.2022 yilda Byuroning Qarshi shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro ishi yuritilgan.

Garovga qo‘yilgan Qarshi shahar Roguzar MFY, I.Karimov ko‘chasi 497-uy, 7-xonadon fuqaro A.Jo‘rayevga tegishli bo‘lganligi hamda Byuro tuman-shahar bo‘limilari ish yurituvida fuqaro A.Jo‘rayevning hisobidan mulkiy va nomulkiy undiruv bilan bog‘liq ijro hujjatlari bo‘lmaganligi sababli uning nomida bo‘lgan mol-mulklariga taqiq o‘rnatilmagan.

Ijro harakatlari davomida davlat ijrochisi tomonidan ijro hujjati bo‘yicha garov mulki bo‘lgan Jo‘rayev Abror Tolibovichga tegishli bo‘lgan, garovga qo‘yilgan mulk xatlanib, garov hujjatlarida baholash dalolatnomasiga asosan 199 605 000 so‘mga elektron onlayn-auksion chiqarish to‘g‘risida 27.01.2023 yilda qaror qabul qilingan.

Garov mulki 18.02.2023 yilda elektron onlayn-auksion savdosiga yuborilgan va 21.02.2023 yilda savdoga chiqarilgan hamda savdo kuni 24.03.2023 yil etib belgilangan.

Elektron onlayn-auksion savdosi natijalariga ko‘ra fuqaro Shamsiyev Husanjon Shokir o‘g‘li tomonidan ikkinchi g‘olib sifatida 229 545 750 so‘mga sotib olingan va 25.04.2023 yilda elektron onlayn auksion natijalari to‘g‘risida №OA0414-889655-sonli bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Biroq mazkur bayonnoma rasmiylashtirilgunga qadar qarzdor tomonidan kredit qarzdorligi to‘liq to‘lanib, garov ta’minoti sifatida hisobdan chiqarilgan hamda 19.04.2023 yildagi oldi-sotdi shartnomasiga asosan notarial tartibda A.Jo‘rayev tomonidan U.Karimovga sotilgan.

Shundan so‘ng, undiruvchi ATB “Asakabank” Qarshi filiali tomonidan 20.04.2023 yilda 11-02/315-sonli xat bilan ijro hujjatini ijro qilmasdan qaytarish haqida murojaat qilgan.

Bundan tashqari, ATB “Asakabank” tomonidan 11.04.2023 yilda notarial idoralariga 16-02/159-sonlm xat bilan murojaat qilib, murojaatida qarzdorlar Jo‘rayev Abror Tolibovich undiruvchi ATB “Asakabank” foydasiga asosiy qarz va foizlardan qarzdorligi mavjud emasligi va garovga qo‘yilgan Qarshi shahar Roguzar MFY, I.Karimov ko‘chasi 497-uy, 7-xonadonga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishni so‘ragan.”

Majburiy ijroning viloyat boshqarmasi bergan ma’lumotda ham chalkashlik bordek. Boshida A.Jo‘rayevning hisobidan mulkiy va nomulkiy undiruv bilan bog‘liq ijro hujjatlari bo‘lmaganligi sababli uning nomida bo‘lgan mol-mulklariga taqiq o‘rnatilmagan deyilsa, oxirida “Asakabank” foydasiga asosiy qarz va foizlardan qarzdorligi mavjud emasligi va garovga qo‘yilgan Qarshi shahar Roguzar MFY, “I.Karimov” ko‘chasi 497-uy, 7-xonadonga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishni so‘ragan, deyilmoqda. Savol tug‘iladi taqiq qo‘yilmagan bo‘lsa, nega bank taqiqni bekor qilishni so‘ragan?

Demak qarzdorning nomidagi garovga qo‘yilgan mulk xatlovdan o‘tkazilib, auksion savdolariga qo‘yilar ekan qanday qilib unga taqiq qo‘yilmaydi? Savollar ko‘p, ammo javoblar chalkash.

Ta’kidlab o‘tish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi PQ-3149-sonli Qaror chiqarilgan. Qaror bilan tasdiqlangan Nizomning 52-bandiga asosan Auksion natijalari haqidagi bayonnoma oldi-sotdi kuchiga ega bo‘lib, mol-mulkni taqiqdan yechish, uni auksion g‘olibiga topshirish, shuningdek, g‘olib nomiga mulkni, mulk huquqini va boshqa mulkiy huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (hisobga qo‘yish) uchun asos hisoblanadi, deyilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 12 yanvardagi 18-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 46-bandiga muvofiq mazkur bayonnoma oldi-sotdi shartnomasi kuchiga ega bo‘lib, mulk va mulkiy huquqni davlat ro‘yxatdan o‘tkazish uchun asos hisoblanadi.

U ushbu muammo bilan viloyat prokuraturasiga ham murojaat qilgan, ammo ulardan ham tayinli javob ololmagan. 229 million so‘m kichkina mablag‘ emas. Xo‘sh, hozirgi holatda majburiy ijroning gapini tinglasa, to‘lagan pullarini qaytarib olishi kerak, ammo onlayn auksion tizimi g‘olib deb topgani uchun mulkka egalik qilishni bekor qilsa, savdoda qatnashguncha to‘langan summa kuyib ketadi. Xullas fuqaro H.Shamsiyevning bo‘layotgan o‘yinlardan boshi qotgan.

Kiritildi: 12:22 29.06.2023. O'qildi: 1700 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!