Bugun 19 may, 2026 yil, seshanba

КИР

“QARZDORLIKNI QANDAY UNDIRIB OLISHIMIZ MUMKIN?”

A A A
“QARZDORLIKNI QANDAY UNDIRIB OLISHIMIZ MUMKIN?”

— Bir korxona bilan mahsulot yetkazib berish shartnomasi imzolangan va mahsulot yetkazib berilgan. Biroq mahsulot uchun to‘lovlar to‘liq amalga oshirilmagan. Bugungi kunda mahsulot sotib oluvchi korxona bankrot deb e’lon qilindi va tugatishga doir ish boshlangan. Biz qarzdorlikni qanday undirib olishimiz mumkin?

Muxiddin SULTONOV, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi rais o‘rinbosari:
— Mazkur holatda qarzdorga nisbatan bankrotlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilganligi va unga nisbatan taqdim etiladigan talablar qonunga ko‘ra bankrotlik to‘g‘risidagi ish doirasida ko‘rilishi lozimligi sababli qarzdorlikni undirishni so‘rab sudga da’vo arizasi bilan emas, balki “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Ruspublikasi Qonunida belgilangan tartibda talabni, ya’ni qarzdorlik summasini kreditorlar talablari reestriga kiritish haqida sud boshqaruvchisi orqali kreditorlar yig‘ilishiga ariza bilan murojaat qilish lozim bo‘ladi.
Xususan, “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi Qonunning 12-moddasiga binoan to‘lovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari qo‘llanilayotganda barcha kreditorlarning manfaatlarini kreditorlar yig‘ilishi yoki kreditorlar qo‘mitasi himoya qiladi. Sud qarzdorga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi arizani ish yuritishga qabul qilib olgan kundan e’tiboran kreditorlar qarzdorga o‘z talablarini yakka tartibda qanoatlantirish maqsadida murojaat qilishga haqli emas.
Ushbu Qonunning 18-moddasiga ko‘ra kreditorlarning talablari reestrini sud boshqaruvchisi yuritadi.
Kreditorlarning talablari hisobi kreditorlar talablari reestrida milliy valyutada yuritiladi. Kreditorlarning chet el valyutasida ifodalangan talablari kreditorlarning talablari reestrida, agar kreditor va qarzdor o‘rtasida tuzilgan shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, kreditorlar yig‘ilishi o‘tkaziladigan kundagi Markaziy banki tomonidan belgilangan rasmiy kurs bo‘yicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hisobga olinadi. Kreditorlarning talablari reestrida har bir kreditor haqidagi, pul majburiyatlari va (yoki) soliqlar hamda yig‘imlar bo‘yicha majburiyatlar yuzasidan kreditor talablarining aniqlangan miqdori, uning har bir talabining qanoatlantirish navbati to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
Kreditor talablari bayon etilgan arizada o‘zi haqidagi ma’lumotlarni, shu jumladan firmaning to‘liq nomini, joylashgan yerini (pochta manzilini), elektron pochta manzilini (mavjud bo‘lgan taqdirda), jismoniy shaxsning shaxsiy identifikasiya raqamini, shuningdek bank rekvizitlarini (mavjud bo‘lgan taqdirda) ko‘rsatishi shart.
Talablari kreditorlarning talablari reestriga kiritilgan shaxs o‘zi xususidagi ma’lumotlar o‘zgarganligi haqida, shuningdek qarzdorga nisbatan o‘z talablarining miqdori va tarkibi o‘zgarganligi, shu jumladan talablaridan uchinchi shaxslar foydasiga voz kechganligi haqida sud boshqaruvchisini bir haftalik muddat ichida xabardor qilishi kerak. Bunday ma’lumotlar taqdim etilmagan yoki o‘z vaqtida taqdim etilmagan taqdirda, shu munosabat bilan yetkazilgan zarar uchun sud boshqaruvchisi va qarzdor javobgar bo‘lmaydi.
Kreditorlarga kreditorlarning talablari reestri bilan tanishish imkoniyati ta’minlanishi kerak. Sud boshqaruvchisi kreditor yoki uning vakili talabi bilan mazkur kreditorga yoki uning vakiliga talablari qanoatlantirilishining miqdori, tarkibi va navbati to‘g‘risida bunday talab olingan kundan e’tiboran besh ish kuni ichida kreditorlarning talablari reestridan ko‘chirma yuborishi shart. Bunday ko‘chirmani tayyorlash va yuborish xarajatlari kreditorning zimmasiga yuklatiladi.
Kreditorlarning talablari reestrini tuzishda yuzaga keladigan kelishmovchiliklar sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Qonuning 154-moddasiga binoan, tugatish boshqaruvchisi kreditorlar bilan kreditorlarning talablari reestriga muvofiq hisob-kitob qiladi.

Kiritildi: 16:53 16.12.2022. O'qildi: 2730 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!