Bank krediti uchun garovga bino yoki turar-joylarni qo‘yishda ehtiyot bo‘lish lozim.
Joriy yilning 16 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro N.Raupova nohaqlikka uchrayotgani va uyidan majburiy chiqarilayotganligi haqidagi xabarlar joylashtirildi.
Majburiy ijro byurosi Qarshi shahar bo‘limi ish yurituvida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudining 24.01.2022 yildagi ijro varaqasiga asosan qarzdorlar N.Raupova, D.Kadirov, X.Sa’dullayev va R.Raupovdan ATB “Infinbank” Qashqadaryo viloyat filiali foydasiga 853 mln. 211 ming so‘m kredit qarzdorligi va shu sudning 25.04.2022 yildagi ijro varaqasiga asosan 83 mln. 605 ming so‘m kredit foizini undirish, undiruvni qarzdor N.Raupovaga tegishli bo‘lgan garovdagi Qarshi shahri, “Xontepa” MFY, “Kultepa” ko‘chasidagi xonadonlarning biriga qaratish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari mavjud.
Mazkur ijro hujjati yuzasidan, qarzdor N.Raupova sud qarorlari, shuningdek, davlat ijrochisining ijro ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qarori bilan tanishtirilgan.
Ijro ishi sud tomonidan bir necha bor to‘xtatilib, yana ijroga qaratilgan.
Ijro harakatlari davrida ATB “Infinbank” Qashqadaryo viloyat filiali, davlat kadastrlar palatasi Qarshi shahar filiali xodimlari va xolislar ishtirokida garovdagi Qarshi shahar, “Xontepa” MFY, “Kultepa” ko‘chasidagi 14-xonadon xatlangan va shu kuni mol-mulkni elektron-onlayn auksionda sotish uchun chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Shundan so‘ng 25.10.2022 yilda elektron-auksion savdosi davom ettirilib, bu haqida N.Raupovaga tanishtirilgan.
Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish markazi DUKning 12.12.2022 yildagi bayonnomasiga ko‘ra, fuqaro R.Olmosov auksion g‘olibi deb topilgan. Shu sababli R.Olmosovga 15.12.2022 yilda ushbu turar joy Majburiy ijro byurosi Qarshi shahar bo‘limi tomonidan dalolatnoma asosida topshirilgan va sotilgan mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Uy-joyda bo‘lgan qarzdor N.Raupova tegishli bo‘lgan barcha turdagi moddiy qiymatga ega bo‘lgan mol-mulklari hech qanday talofatsiz o‘ziga tilxat asosida topshirilgan.
Ijro hujjati ijrosi amalda tamomlangan va bu jarayonda hech qanday qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘yilmagan.