Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida ham davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 32 yilligi katta shodiyonalar bilan nishonlandi.
Viloyat hokimligi, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug hamda qator davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda davlat bayrog‘ini baland tutgan guruhlar Qarshi shahrining markaziy ko‘chasi bo‘ylab marsh yurishdi.
Bo‘yi 20, eni 10 metrlik ulkan bayroq va yana yuzlab davlat ramzlarini saf tortib, g‘urur bilan olib o‘tayotgan harbiy xizmatchilarni kuzatayotgan shahar ahli hamda yoshlar dilida ramzimizga nisbatan hurmat, vatanparvarlik hislari jo‘sh urgani aniq.
Ko‘plab yoshlar ham saflarda qo‘llarida yurt ramzini baland tutib, shijoat bilan o‘tdilar.
Shundan so‘ng, viloyat musiqali drama teatri binosi oldidagi keng sahnada tadbirning badiiy qismiga navbat berildi. So‘z olganlar, davlat bayrog‘ining yaratilish tarixi haqida to‘xtalib, uning yuksalishi yurt qadrining ulug‘lanishiga teng ekanini alohida ta’kidladilar. Yoshlar tomonidan bayroq haqida she’rlar o‘qildi, san’atkorlar qo‘shiqlar kuylashdi, raqslar ijro etildi.