Bugun 25 noyabr, 2024 yil, dushanba

КИР

Qarshi 15 avgustgacha yopildi. Shahrisabz esa...

Qarshi 15 avgustgacha yopildi. Shahrisabz esa...

Qashqadaryoda 27 iyul soat 00:01dan boshlab 15 avgustgacha bir qator qo‘shimcha cheklovlar joriy qilinmoqda. Bu haqda viloyat maxsus komissiyasi xabar berdi.

    Xabarga ko‘ra, bu vaqtda barcha turdagi transport vositalarining Qarshi shahriga kirishi va harakatlanishi cheklanadi. Faqat quyidagi holatlarda mazkur cheklovlar istisno etiladi:

    • fuqarolarning salomatligi yomonlashgani, homiladorligi munosabati bilan shifokor ko‘rigidan o‘tish uchun davolash muassasasiga yoxud zarur dori-darmon xarid qilish maqsadida dorixonaga borish-kelish;
    • qishloq xo‘jalik mahsulotlari va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish, tashish bilan shug‘ullanuvchilar;
    • qurilish tashkilotlari va tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli jihoz, xomashyo materiallarini tashishga mo‘ljallangan avtomashinalar.

    Ma’lum qilinishicha, 15 avgustgacha Qarshi shahrida avtotransport vositalari harakati butunlay to‘xtatiladi. Ya’ni butun sutka davomida (hatto ertalab 07:00dan 10:00gacha va kechki payt 17:00dan 20:00gacha ham) viloyat markazida avtotransportda harakatlanish taqiqlanadi. Yuqorida sanab o‘tilgan holatlar bundan mustasno.

    Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahri va boshqa tumanlarida esa avtotransport vositalari ertalab soat 07:00dan 10:00gacha va kech soat 17:00dan 20:00gacha tegishli hudud doirasidagina harakatlanishi mumkin.

    Xabarlarda maxsus ruxsatnomaga ega va harakatlanishi uchun stiker talab etilmaydigan avtotransportlar masalasiga aniqlik kiritilmagan.

    Qayd etilishicha, viloyat IIB viloyat teleradiokompaniyasi bilan birgalikda muntazam ravishda karantin talablari va cheklovlarini rioya etmayotgan tashkilot va muassasalar, savdo va maishiy xizmat, umumiy ovqatlanish korxonalari hamda fuqarolarni aniqlash bo‘yicha qo‘shma reydlar o‘tkazib, tanqidiy ko‘rsatuvlarni efirga uzatib boradi.

    Qarshi, Shahrisabz shaharlari va tumanlar markazlarida yo‘nalishsiz taksilar soni 3 baravargacha qisqartiriladi.

    Respublika maxsus komissiyasining 16 iyuldagi yig‘ilish bayoni talablariga qat’iy rioya qilgan holda, viloyatdagi ro‘yxatga olingan vakolatli transport tashkilotlari (uyushmalar) tomonidan aniq davlat raqami ko‘rsatilib, ruxsat berilgan yo‘nalishsiz taksi avtomashinalarigina harakatlanadi.

    Viloyat IIB Yo‘l harakat xavfsizligi bosh boshqarmasi va Transport boshqarmasi Qarshi shahrida faoliyat yurituvchi yo‘lovchi tashish taksilari hamda haydovchilarining ro‘yxatini shakllantirish va ularning belgilangan hududdan tashqarida faoliyat olib bormasliklari ustidan qat’iy nazorat o‘rnatadi.

    Viloyat Transport boshqarmasi va viloyat Sanitariya-epidemiologik nazorati markazi yo‘nalishsiz taksilarga har 4 soatda dezinfeksiya qilishni qat’iy nazoratga olish maqsadida maxsus dezinfeksiyalash nuqtalarini tashkil etish va dezinfeksiyalashni ro‘yxatga olish mexanizmini yo‘lga qo‘yadi.

    Qashqadaryo viloyat Transport boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Norboboyev tartibga amal qilmagan haydovchilarga qat’iy chora ko‘rilishidan ogohlantirdi.

    «Xabaringiz bor, hozirgi karantin sharoitida yo‘nalishsiz taksi faoliyatiga ham ma’lum talablar asosida ruxsat etilgan.  Qarshi shahrida 111ta tashuvchi korxona tasarrufidagi 1666ta yo‘nalishsiz taksi aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Biroq yo‘nalishsiz taksida yo‘lovchi tashishda ba’zida karantin talablariga bepisand qarash, transport vositasining vaqtida dezinfeksiya qilinmasligi, jihozlanishi talabga javob bermasligi va shunga o‘xshash ayrim kamchiliklarni e’tiborga olib, tumanlar (shahar) markazlarida yo‘nalishsiz taksilar sonini cheklash maqsadga muvofiq deb topildi. 

    O‘rganish natijasida ushbu miqdorni 3 baravargacha qisqartirish mavjud ehtiyojni qoplash uchun yetarli bo‘lishi hisob-kitob qilindi. 
    Shu tariqa, tashuvchi korxonalar bilan kelishgan holda tuman (shahar)lar markazlarida muayyan vaqt oralig‘ida yo‘lovchi tashishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishsiz taksilar ro‘yxati shakllantirildi. 

    Bu chorani qo‘llashdan maqsad – aholi orasida muloqotni kamaytirish, zarurat bo‘lmaganda ko‘chaga chiqishning oldini olish, kasallik tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat. Shuningdek, taksilarning karantin qoidalariga amal qilishini nazorat qilish ham osonlashadi. Qolaversa, yo‘nalishsiz taksilarning faqat o‘z hududida faoliyat olib borishi lozim bo‘ladi.

    Ro‘yxat asosida qatnovga chiqariladigan yo‘nalishsiz taksilarning karantin qoidalariga qat’iy amal qilishi viloyat Transport boshqarmasi va viloyat YHXB hamkorligida muntazam nazorat qilib boriladi. Transport vositasi har 4 soatda dezinfesiya qilinishi, mashina saloni shaffof material bilan ajratilishi, faqat 2 nafar yo‘lovchini orqa o‘rindiqqa mindirish, salonda antiseptik vositalarning bo‘lishi, tozalikka e’tibor berish asosiy talablar sirasiga kiradi.

    Belgilangan tarif asosida yo‘lovchi tashish lozim bo‘ladi. Bularga rioya etmagan haydovchilarga nisbatan keskin choralar ko‘riladi, taksi haydovchisining yo‘lovchi tashishga ruxsat beruvchi lisenziya varaqasini bekor qilishgacha boriladi.

    Fursatdan foydalanib, tashuvchi korxona va yo‘nalishsiz taksi haydovchilariga yuzlanmoqchiman. Hurmatli tashuvchi, korxonalar rahbarlari, qatnovga chiqishdan avval yo‘nalishsiz taksilarni har kuni ertalab texnik ko‘rikdan, haydovchilarni esa tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni unutmang. Bu masalaga har qachongidan jiddiyroq qarashingizni so‘raymiz. O‘z navbatida, shakllantirilgan ro‘yxatga kirmagan yo‘nalishsiz taksilarning o‘zboshimchalik bilan qatnovga chiqmasligini ta’minlashingiz darkor. Bu borada javobgarlik shaxsan tashuvchi korxonaga yuklatiladi.

    Hurmatli yo‘nalishsiz taksi haydovchilari! Karantin qoidalariga og‘ishmay amal qiling. Transport vositasini belgilangan har 4 soatda dezinfesiya qilishga aslo loqayd bo‘lmang. Salonda antiseptik vositalar bo‘lishini ta’minlang. Niqobsiz yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmang. Oshiqcha odam olmang. Salonni ajratib turuvchi shaffof material ozoda bo‘lishi va yaroqsiz holga kelganda yangilab turilishiga e’tibor qarating. Hozirgi qiyin vaziyatda yo‘lkirani asossiz oshirib yubormang.

    Shu o‘rinda yo‘lovchilarga ham talab va tavsiyalarimiz bor. Avvalo ehtiyojsiz, behuda ko‘chaga chiqmaslikni so‘raymiz. Vaziyat taqozo etsa, faqat qonuniy faoliyat ko‘rsatayotgan (tanish belgilari bo‘lgan, sariqqa bo‘yalgan), belgilangan tartibda jihozlangan yo‘nalishsiz taksi xizmatidan foydalanish maqsadga muvofiq. Noqonuniy kira qilayotgan, dezinfeksiya qilinmagan ulovga minib, o‘z salomatligingizni xavfga qo‘ymang.

    Karantin sharoitida mavjud qoidalarga rioya etmay, shuningdek, noqonuniy faoliyat ko‘rsatayotgan, yo‘lkirani asossiz oshirgan taksilarga duch kelsangiz, Qashqadaryo viloyati transport boshqarmasida tashkil etilgan (0375) 227-00-72 raqamli ishonch telefoniga murojaat qilishingiz mumkin.

    Mavjud qoidalarga to‘liq amal qilsak, kasallikni tezroq yengishga, uning tarqalishi xavfini kamaytirishga erishamiz», – degan viloyat Transport boshqarmasi boshlig‘i.

    Kiritildi: 08:14 27.07.2020. O'qildi: 5791 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
    telegram channel

    Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

    Eng ko'p o'qilgan yangilik

    Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!