Bugun 25 noyabr, 2024 yil, dushanba

КИР

«Qarg‘alar uchsa qaraylik». «Ilhaq» filmidan nima kutgandim-u, nima oldim? (VIDEO)

«Qarg‘alar uchsa qaraylik». «Ilhaq» filmidan nima kutgandim-u, nima oldim? (VIDEO)

9 may kuni O‘zbekiston telekanallarida Ikkinchi jahon urushida besh farzandini yo‘qotgan o‘zbek ayoli Zulfiya Zokirovaning taqdiriga bag‘ishlangan «Ilhaq» filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi. Maqolada Eldar Asanov ushbu film haqida fikr yuritadi.

Urushlar insoniyat tarixidagi qonli dog‘lardir. Millionlab insonlarning yostig‘ini quritgan, o‘n millionlarning taqdirini sindirgan, butun boshli xalqlarni, davlatlarni yo‘q qilgan, tarixni ters burib yuborgan bunday jang-jadallar nimaning nomiga amalga oshirilmasin, nima bilan oqlanmasin, baribir ulkan fojialigicha qoladi. Urushga sabab bo‘lgan hech qanday muqaddas maqsad, majburiyat inson jonidan qadrliroq bo‘lolmaydi.

Urush ba’zi kichik ijobiy natijalarni ham beradi. Masalan, boshiga tushgan kollektiv kulfatdan to‘g‘ri xulosalar qilgan insoniyat tinchlikni qadrlashni o‘rganishi, do‘stona aloqalar qurishga intilishi shular jumlasidandir. Shuningdek, urushlar ba’zida san’atda keskin o‘sishga sabab bo‘ladi. Urush fojialarini ko‘rgan, dahshatli vayronaliklar va g‘ayriinsoniy vahshiylikni ko‘rgan odamlarning hissiyotlari junbushga keladi, kuchli hissiyot esa qayergadir to‘kib-sochilishi lozim. Kimdir hissiyotlarini yenga olmay, umr bo‘yi urush dahshatlaridan ongini qutqarolmaydi va hayotining qolgan qismini miyasidagi jinlarga qarshi olishib o‘tkazadi; kimdir sportga zo‘r beradi; kimdir urushsiz yashay olmay qoladi; kimdir xayriyaga, tinchlik siyosatiga mukkasidan ketadi; kimdir esa san’at asarlari yordamida urush yaralarini davolaydi.

Shuning uchun bo‘lsa kerak, urushlardan so‘ng odatda san’atda keskin uslubiy va tematik burilishlar ro‘y beradi, konkret bir urush voqealariga va ehtiroslariga bag‘ishlangan asarlar urchiydi. Bu o‘rinda biz san’atni amaliy ahamiyatga ega bo‘lmagan soha deb hisoblaydiganlar qay darajada yanglishishini ko‘ramiz. San’at tarix emosiyalarini muhrlashga (faktlarini fan muhrlaydi), odamlarning yaralarini davolashga, ularga umid berishga, tinchlik va birodarlikni onglarga singdirishga, insonlar qalbida ro‘y bergan o‘zgarishlarni aks ettirishga xizmat qiladi. XVII asr tarixchilari ta’kidlagandek, O‘ttiz yillik urushdan so‘ng Yevropa musiqasi chuqurlashib, muloyimlashib ketganini, his-tuyg‘u shiorbozlik va ko‘tarinkilik ustidan g‘alaba qozongani bejiz emas.

Bir qarashda ko‘proq rivojlangan, ko‘proq insoniylashgan XX asr aslida genosidlar va urushlar asri bo‘ldi. Insoniyat tarixidagi eng jirkanch ideologiyalar XX asrda cho‘qqisiga chiqdi. Ularning qo‘li bilan insoniyat tarixidagi eng qonli, eng qattol urushlar – ikkita jahon urushi bo‘lib o‘tdi. Bu ikki urush insoniyatni qay darajada o‘zgartirgani haqida so‘z yuritardim-u, ammo shunaqasiyam mavzudan uzoqlashib ketdim. Bu ikki urush san’atga o‘tkazgan ta’siriga to‘xtalaman.

Ikki jahon urushi rassomchilikda, badiiy adabiyotda, kinoda, musiqada tub burilish yasadi. Har ikki urush atrofida minglab asarlardan iborat san’at korpusi yuzaga keldi va bu korpus bugungi kunga qadar kengayishda davom etmoqda – urush tarix o‘lchamlari bo‘yicha yaqindagina ro‘y berdi, uning yaralari hali og‘riq bermoqda. Jahon urushlari haqida shedevr filmlar suratga olindi, shedevr kitoblar yozildi.

O‘zbekiston xalqi ham, Ikkinchi jahon urushining bevosita ishtirokchisi sifatida, o‘z fojialariga, o‘z yaralariga ega. Bu yaralar bilan bog‘liq tuyg‘ular o‘zbek san’atida bugungi kunga qadar aks etib kelmoqda. O‘zbek san’ati ham urush haqida o‘lmas shedevrlar yaratgan. Ishonmasangiz, «Sen yetim emassan» she’rini o‘qing, shu nomli kinoni ko‘ring.

Oxirgi yillarda Ikkinchi jahon urushi mavzusi yana aktuallashdi, yangi kinolar yuzaga kela boshladi. Ulardan eng uzoq kutilgani, tom ma’noda ilhaq qilgani «Ilhaq» filmi edi. Kecha, 9 may kuni Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan rejissyor Jahongir Ahmedov muallifligidagi ushbu film premyerasi O‘zbekistonning ko‘pchilik telekanallarida bo‘lib o‘tdi. Qarang, koronavirus pandemiyasi film taqdirida ham ma’lum darajada aks etdi: u katta ekranlarga yetib borolmadi.

Film mavzusini bayon etishim ortiqcha bo‘lsa kerak – avval boshidan u qaysi voqealarga bag‘ishlanishi va qanday qahramonlarni olib chiqishi ma’lum edi. Urushda besh farzandini yo‘qotgan o‘zbek ayoli Zulfiya Zokirova – bunday tugun mahoratli ijodkorlar qo‘lida jahon kinematografini boyitadigan durdona asarga aylanishi turgan gap edi. Shunga o‘xshash tarixiy voqea negiziga qurilgan buyuk «Oddiy askar Rayanni qutqarish» kinokartinasi bunga yaxshi misol.

O‘zbek kinosi o‘z shedevriga ega bo‘ldimi? Filmdan kutgan narsamizni oldikmi? Mayli, o‘z nomimdan gapiray. Filmdan kutgan narsamni oldimmi?

Keyingi paytlarda o‘zbek kinosiga juda ko‘p avans beradigan bo‘lib qoldik. Bizga taqdim etilayotgan ishlarning ko‘pgina jihatlarida yaqqol kamchiliklar ko‘zga tashlansa-da, o‘zbek kinematografidagi umumiy o‘zgarishdan, dolzarb mavzularga qo‘l urilayotganidan, oldinlari mualliflik kinosiga aylanib qolgan davlat buyurtmasiga sifat kirib qolganidan, ma’noli filmlar xontaxtani siqib chiqarayotganidan xursand bo‘lib, «mayli, boshlanishiga yomon emas» deyishga o‘rganib qoldik. Qolaversa, kino – kollektiv ijod turi, sifatli mahsulot chiqishi juda ko‘p mutaxassislarga, omillarga va moliyaviy ta’minotga bog‘liq. Yaxshi kadrlar, yaxshi g‘oyalar va pul kamligini bilganimiz uchun ham kinochilarimizni to‘g‘ri tushunishga harakat qilamiz va rahmat aytamiz. Lekin bu avans bir kun kelib tugaydi. «Ilhaq»qa kelib u tugadimi yoki hali vaqt bormi? Hali kinochilarimizga vaqt berishimiz kerakmi? Buni aniq bilmayman. Aniq bilmaganim uchun ham keskin tanqid qilmayman.

Film tomoshabinlarga manzur bo‘ldi (Facebook’dagi munosabatlar va kanalimdagi so‘rovnoma natijalariga qaraganda). Menimcha ham “Ilhaq” – sifatli, ko‘rsa bo‘ladigan va hatto ko‘rish kerak bo‘lgan kino. Lekin undan ko‘nglim to‘lmadi. Ko‘proq narsa kutgan edim.

Bu xulosaga kelishimning sabablarini birma-bir ko‘rib chiqaman. Nishonimda – film syujetining qurilishi.

Qahramonning o‘limiga nega yig‘laymiz?

«Ilhaq» real tarixiy voqeani anchayin haqqoniy va saviyali ko‘rsatib berolgan. Lekin bu san’atning birlamchi vazifasi emas. Tarixiy voqeani haqqoniy ko‘rsatib berishni hujjatli film ham, ilmiy-ommabop bayon ham, ilmiy tadqiqot ham eplaydi. San’atga qo‘yiladigan asosiy (yagona emas) talab – voqea atrofidagi tuyg‘ularni, odamlarning emosiyalarini ochib berish, voqeadan ibrat ko‘rsatish. Kerak bo‘lsa, ayrim ijodkorlar tarixiy voqeaga mutlaqo boshqa rakursdan yondashishi, kutilmagan xulosa va yechimlarni berishi lozim. Zamonamizning eng mashhur rejissyorlaridan ikkitasi oxirgi yillarda Ikkinchi jahon urushi haqida shunaqa noodatiy shedevrlarni suratga oldi – «Sharafsiz razillar» (Kventin Tarantino) va «Dyunkerk» (Kristofer Nolan).

O‘zbek kinosidan bunday originallikni talab qilishga hali ertadir. Lekin kino eng kamida tomoshabin diqqatini ushlab turishi, uning tuyg‘ularini qo‘zg‘atishi lozim. Kinematografda buni bajarishning umumqabul qilingan uslub va prinsiplari mavjud.

Kino diqqatimizni 1,5 yo 2 soat ushlab turishi uchun nima qilishi kerak? Eng birlamchi talab – qahramonlarni tomoshabinga yaxshilab tanishtirish, ular orasida hissiy kontakt o‘rnatish. Film davomida tomoshabin qahramonni yaxshilab bilib olishi, uning motivlarini tushunishi, uni ko‘pdan beri taniydiganday his etishi kerak. Shundagina tomoshabin qahramonning o‘limidan yoki boshiga tushgan boshqa kulfatdan ta’sirlanadi.

Menimcha, «Ilhaq» filmining asosiy kamchiliklaridan biri shunda. U tarixiy voqeaning hujjatli bayonini beradi, lekin bu bayon faqat faktlar bilan juda yaxshi tanish, Zulfiya Zokirova va o‘g‘illarining taqdiridan yaxshi xabardor odamnigina ta’sirlantirishi mumkin. Oradan yuz yil o‘tdi deylik. Ikkinchi jahon urushi oqibatlari bilan yuzlashmagan, tirik guvohlarini ko‘rmagan, voqeadan bexabar tomoshabin bu filmdan ilhom oladimi?

Shunday qilib, «Ilhaq» bizdan voqeadan xabardor bo‘lishni va qahramonlar qismatidan achinishni talab qiladi, lekin achinishimiz uchun hech narsa qilmaydi, ularning qalbini, shaxsiyatini bizga ochi bermaydi. Shaxsan men besh o‘g‘lonning o‘limidan ta’sirlanmadim. Ular yaxshiroq tanishtirilsa, balki ularga achingan, o‘lmasliklarini kinodan yolvorib so‘ragan bo‘lardim, Zulfiya opaga qo‘shilib yig‘lagan bo‘lardim. «Yashil milya» filmida Jon Koffi o‘limiga yig‘laganimdek. Buyuk kino tomoshabinni shunday ahvolga olib kelishi kerak. Yaxshi o‘rnaklar o‘zimizda ham bor. Shuhrat Abbosovning «Sen yetim emassan» filmini eslang. Asrab olingan bolalarning har biri o‘zgacha qiyofaga, xarakterga ega, barini eslab qolamiz, bir-biri bilan chalkashtirmaymiz, har biriga kuyinamiz. Afsus, besh aka-uka bu darajada qalbdan joy olmaydi.

Nega «Ilhaq» bizga qahramonlarini «sota» olmadi? Asosiy sabablaridan biri, nazarimda, film ekspozisiyasi qisqaligidadir. 2 soat 16 daqiqalik filmining 19-daqiqasida baxtiyor qahramonlarga urush daragi yetib keladi. 19 daqiqa ichida biz bo‘lajak urush qurbonlarini yaxshilab tanib olishga ulgurmaymiz, shu bois ularning o‘limi ham bizda ortiqcha hissiyot uyg‘otmaydi. Yana bir jihati – ularning frontdagi hayoti ham ko‘rsatilmaydi. Faqat o‘lim sahnalarini ko‘ramiz. Personajlarga ko‘proq ekran vaqti ajratilsa, har birining syujet arkasi ishlab chiqilsa, ularning o‘limi ta’sirliroq chiqardi. Ekspozisiya qanday bo‘lishiga misol qilib «Istedodli janob Ripli» (1 soat 20 daqiqa) va «Xaytarma» (48 daqiqa) filmlarini ko‘rsatgan bo‘lardim.

Bu so‘zlarimga javoban film ijodkorlari «Bu bizning nuqtai nazarimiz, ularning o‘limini emas, onasining hissiyotlariga urg‘u berdik» deya e’tiroz bildirishlari mumkin. Shundan kelib chiqib, keyingi masalaga o‘taman.

Bosh planda – bosh qahramon

Qo‘limizda tayyor syujet tuguni turibdi. Ona besh farzandini urushga yuboradi. Farzandlarining hech biri qaytib kelmaydi. Bir qarashda bari oddiydek, ekranda nimani ko‘rsatish tayindek. Aslida bu tugunni g‘oyaviy va texnik to‘ldirish san’atkordan fantaziya, bilim, ijodkorlik talab qiladi. Film voqeani turli rakurslardan, turli qahramonlar nuqtai nazaridan ko‘rsatishi mumkin, u yoki bu qahramonning tuyg‘ulariga ko‘proq urg‘u berishi mumkin, syujetni har xil qurish mumkin. Deylik, voqealarni bir boshidan bayon etish mumkin; faqat qishloqdagi voqealarni ko‘rsatish mumkin; qishloqni va frontni navbatma-navbat ko‘rsatish mumkin; voqealar ketma-ketligini o‘zgartirish, masalan, bayonni o‘rtadan boshlash mumkin; faqat onaning tuyg‘ulariga urg‘u berish mumkin; aka-ukalardan birigagina urg‘u berish mumkin; xullas, yo‘l-yo‘riq ko‘p.

Oxirgi yillarda urush haqida chiqarilgan o‘zbek filmlaridan qurilishi menga eng ma’qul tushgani «Berlin – Oqqo‘rg‘on» bo‘ldi. Bir necha zamon va makonda bo‘layotgan voqealar bir necha qahramon nuqtai nazaridan ko‘rsatilib, oxirida barcha syujet chiziqlari ustalik bilan bog‘lab yuborilgan. «Ilhaq»dan ham mana shunday nochiziqli syujet kutgandim, shunga balki ko‘nglim to‘lmagandir.

Menga qolsa, asosiy urg‘uni Zulfiya aya roliga bergan bo‘lardim. Olis qishloqda yashab, minglab kilometr narida jigarining parchalarini yo‘qotayotgan mushfiq ona obrazi film markazida tursa, uning nigohlari, tuyg‘ulari ko‘proq yirik planda ko‘rsatilsa, obraz film oxiriga qadar o‘zgarib, rivojlanib borsa – odatiy yashab yurgan ayol birovning urushida farzandlarini yo‘qotib, hayot fojiasi qaddini bukib qo‘ygan, lekin sindira olmagan mard qahramonga aylansa, kartina tuyg‘ularni junbushga keltirishi mumkin edi.

Front hayotini ko‘proq ko‘rsatish, Zulfiya ayaning o‘g‘illariga urg‘u berish, har birining o‘limini fojiali epizodga aylantirish ham juda yaxshi priyom bo‘lardi. Sevgan qahramoning o‘lishini bilasan, lekin buning oldini ololmaysan, navbatdagi aka-ukaning o‘limini mahkum etilgan odamday kutasan. Mana shunday hissiyot kutgan edim «Ilhaq»dan.

Lekin kartinada nafaqat Zulfiya aya va uning farzandlaridan tashqari, ularning atrofidagi odamlarga – turmush o‘rtoqlariga, do‘stlariga, yorlariga, ularning qarindoshlariga, qishloq raisiga, pochtachiga, qishloqdoshlarga ko‘p e’tibor qaratilgan. Natijada bosh qahramonlar ham o‘zini ko‘rsatish yetarli vaqtga ega bo‘lmagan, ikkilamchi personajlarning ham anchagina ochilmay qolib ketgan. Juda yaxshi misol: aka-ukalardan biri – Muhammadjon (Fotih Nasimov) do‘sti Zurabning o‘limidan ta’sirlanib, o‘zini aqlsizlarcha ajal domiga tashlaydi. Yuqorida aytganimizdek, filmning bosh qahramonlari bo‘lmish aka-ukalar qalbimizdan joy olib ulgurmay o‘lib ketdi – ularning o‘ziga xosliklarini, motivlarini, fe’l-atvorini bilmaymiz. Ko‘pchilik hatto ularning ismlarini eslab qolganiga shubham bor. Zurab esa ulardan yomon ahvolda – bir-ikki daqiqagina ko‘rsatildi. Bu obrazning halokati nega bosh qahramonlardan birini bu qadar junbushga keltirdi, buni tushunmay qoldik. Qahramon o‘zini qurbon qilishi asossizday tuyuldi. Esda qolarli, ta’sirli va yaxshi asoslangan o‘lim sahnalaridan «Qarg‘alar uchsa qaraylik»ni aytib o‘zini qurbon qilgan Ahmadjonni (Iskandar Elmurodov) yodga olish mumkin.

Bir qahramonga emas, butun davrga, katta jamoaga bag‘ishlangan asarlar odatda epopeya janrida bo‘ladi. Lekin «Ilhaq» ijodkorlari epopeya yaratishga uringan deb o‘ylamayman. Fabulani qanday rejalashtirishgan va nimani ko‘rsatishga intilishgan – buni aniq bilmayman, lekin rejalari yetarlicha samara bermadi. Menimcha.

Yana nimalar yoqdi, nimalar yoqmadi?

Filmni har tomonlama tahlildan o‘tkazish juda ko‘p vaqt, sahifa va mehnat talab qiladi. Bunday chuqur tahlilni juda yaxshi ko‘raman, lekin ushbu maqola formati qisqalikni taqozo etadi – bu ilmiy matn emas, keng ommaga mo‘ljallangan qisqa taqriz. Shu bois «Ilhaq»ning qolgan jihatlariga qisqacha to‘xtalaman.

- Yuqorida ko‘rib chiqilgan kamchiliklarga qaramay, kartina ma’lum darajada tomoshabinga ta’sir qila oladi, ayniqsa birinchi ko‘rishda. Bunga erishish uchun mualliflar urush haqidagi filmlarda keng tarqalgan klishelarga – qolip obrazlar va situasiyalarga murojaat qilgan. Misollar – burch va manfaat o‘rtasida qolib ketgan rais, qora xat olib kelaverishdan jigar-bag‘ri ezilib ketgan pochtachi, bu pochtachini urib alamini olayotgan ayollar, beshafqat harbiylar, urushdan qochib yurgan yoshlar. Bu klishelarni urush haqida asarlarda juda ko‘p uchratganmiz. Ular bir martalik emosional ta’sir o‘tkaza oladi, lekin yodda qolib ketmaydi, asarning originalligini tushiradi. Yana «Sen yetim emassan»ga qaytamiz – unda ajoyib, esda qolib ketadigan noyob epizodlar nihoyatda ko‘p. Umuman, «Sen yetim emassan» o‘zbek kinematografida urush haqidagi filmlarning oltin standartini shu qadar yuqoriga ko‘tarib yuborganki, unga yetish tugul u bilan qiyosdan qochish juda qiyin.

- O‘zbek kinosida operatorlar ishi ko‘pdan buyon maqtovga sazovor bo‘lib kelmoqda. «Ilhaq»da ham operatorlar ajoyib ishlagani ko‘rinib turibdi. Kadr sifatli chiqqan, filmning maromini yaxshi boshqargan, shuningdek, sovet kinosining kadriga o‘xshatma qilingan joylar bor – xuddi klassik kino ko‘rayotganday bo‘lasiz. Bu bilan operatorlar sovet davrini jonliroq ko‘rsatishga uringan bo‘lsa kerak. Chamamda, filmga yirik va detalli planlar yetishmagan – bu qahramonlarning xarakterini ochib berishga, ekranda o‘ziga xos atmosfera yaratishga xizmat qilgan bo‘lardi.

- Aktyorlarning prototiplarga tashqi o‘xshashligiga urg‘u berilgan. Umuman olganda, aktyorlar rollarini yaxshi ijro etgan, kuchli ishlar bor, lekin bir talay obrazlar ochilmay qolgan (masalan, Yigitali Mamajonov ijrosidagi Shokir va Rayhona Asadova ijrosidagi Zulayho rollari). Hammaga ekran vaqti yetmagani yoki ssenariydagi kamchiliklar bunga sabab bo‘lgan bo‘lsa kerak. Deylik, rais (Tohir Saidov), pochtachi Chori (Rahmatilla Qurbonov) va raisning o‘g‘li Mels (Bahodir Ahmedov) personajlari juda yaxshi jonlantirib berilgan, lekin Zulfiya ayadan (Dilorom Karimova) favqulodda performans va «Bittasiyam qaytib kelmadi-ya»dan ko‘ra kuchliroq final kutgan edim. Fotih Nasimov doimgidek kuchli o‘ynagan, ammo uning qahramoni ham yirik planlar va ekran vaqti kamligidan aziyat chekkan.

- Saund-treklar chiroyli va ta’sirli chiqqan, o‘rinli ishlatilgan, lekin ular ham rivojlanmay qolgan. Musiqa shunchaki fon emas, u dramatizmni kuchaytirishga, personajlar fe’l-atvorini ochib berishga xizmat qiladi. Kinoga xulosalovchi fojiali musiqa yetishmagan. Urush tematikasidagi o‘zbek kinolarida saund-trek bilan ishlashning juda yaxshi namunasi – Zulfiqor Musoqovning «Berlin – Oqqo‘rg‘on» filmi.

- Postanovka sifatli, sun’iy epizodlar deyarli ko‘rmadim, faqat Isoqjonni (Ilhom Sodiqov) va Vahobjonni (Husan Rashidov) qatl etgan fashist zobiti Turkistonni bunchalik yaxshi bilishi-yu, ikki aka-uka o‘limidan oldin bir yerda uchrashib qolgani (va fashistlar ularning aka-uka ekanini bilishi) notabiiydek ko‘rindi.

- Tarixiy muhit juda yaxshi jonlantirilgan. Balki qandaydir nuqsonlar border, birinchi ko‘rishda ularni payqamadim. Bundan yaqqol ko‘zga tashlanadigan xatolar yo‘q degan xulosaga keldim. Fonda ko‘proq radio yangrasa, ekranda ko‘proq urush atributlari, faxriylar, plakatlar ko‘rinsa, manzara yanada jonliroq bo‘lardi.

«Ilhaq»ning yana bir shubhasiz yutuqlaridan biri u SSSR propagandasiga aylanib qolmaganidadir. Ikkinchi jahon urushi voqealari ortiq darajada siyosiylashtirib yuborilayotgan bugungi zamonda bu mavzuga siyosatni qo‘shmay qo‘l urish juda qiyin bo‘lib qoldi – yondashuvingiz albatta u yoki bu tomonga yoqmaydi. Jahongir Ahmedov bayonda xolislikni saqlagan, dohiylarning manfaatlari to‘qnashuvida qolib ketib qurbon bo‘lgan, taqdiri singan oddiy odamlarni yaxshi ko‘rsatib bera olgan. Film urushning yomonligini va beshafqatligini, urushga bahona qilib ko‘rsatiladigan ideallar tinch turmushimizni buzishga va jonimizni qurbon qilishimizga arzimasligini ko‘rsatib bergan – shu bois oxirida raisning ko‘zi ochildi, shu bois urushda o‘lib ketishni xohlamagan Melsni salbiy obraz hisoblamayman, uning motivlarini tushunaman.

Filmdan olgan xulosam quyidagicha. Kecha ukangning to‘yida raqs tushayotgan eding, ertaga esa o‘zing tanimaydigan odamlarga qarshi qurol ko‘tarib, ularning qurolidan juvonmarg bo‘lishing mumkin. Inson hayoti buzilib ketishi naqadar osonligi, siz-u biz kabi odamlar kimlarningdir o‘ylamay qo‘yilgan imzosi-yu, allakimlarning manfaatlari yo‘lida bekordan-bekor juvonmarg bo‘lishi, bu ularning yaqinlariga mislsiz azob berishi mumkinligidan darak beradi bu film. «Ilhaq»ni eng kamida mana shu xulosa uchun ham ko‘rish kerak.

 

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.

Kiritildi: 17:57 10.05.2020. O'qildi: 10961 marta. Fikrlar soni: 1 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!