Ertaga, 30 sentyabr kuni «O‘zbekfilm» kinokonsernida XV Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida Turkiy tilli davlatlar (Turksoy) kinonamoyondalari ishtirokida «Qardoshlik san’ati» forumi o‘tkaziladi. Unda Turksoy Xalqaro tashkilotiga a’zo mamlakatlarning eng yaxshi kinoijodkorlari taqdirlanib, turkiy xalqlar kinematograflar uyushmasining tashkil etiladi. Shuningdek, Ayla Chelik, Talib Tele va Zeynep Hasenli kabi taniqli san’atkorlarning chiqishlari bo‘lib o‘tadi.
Tadbirda Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov, Turksoy tashkiloti bosh kotibi Sultan Rayev, Ozarbayjon Madaniyat vaziri maslahatchisi Orhan Fikretog‘, Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi kino boshqarmasi bosh direktori Erkin Yilmaz, «Turkmanfilm» boshlig‘i Arslan EYEberdiyev, «Tatarkino» studiyasi rahbari Milyausha Aytuganovalar ham qatnashadi. Forumda «O‘zbekfilm» kinokonsernida Turkiy xalqlar kinematograflar uyushmasi tuzilib, bir qator memorandumlar imzolanishi kutilmoqda.
Kun yakunida esa «Qardoshlik san’ati» turkiy tilli xalqlarning taniqli san’atkorlari ishtirokida badiiy kecha tashkil etiladi. Jumladan, Ozarbayjonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Hamida Omarova va Aishal Mamedov, Qozog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Kanat Torebay va Venera Nigmatulina, Qirg‘iziston xalq artisti Ortiqpay Suyudukov va Qirg‘izistonlik rejissyor Temir Birnazarov, taniqli Turkman rejissyori Xo‘jaquli Narliyev, mashhur turk aktyorlari Jalol Al va Ali Mete va boshqalar ishtirok etishadi.
Turk xonandasi Ayla Chelik, Qirg‘iziston Respublikasi xalq artisti Bek Borbiyev, O‘zbekiston xalq artisti Jenisbek Piyazov, ozarbayjonlik xonandalar Talib Tele va Zeynep Hasenli esa o‘zlarining mashhur kuy-qo‘shiqlari bilan kechani fayzli o‘tkazishda xizmat qilishadi.