Bugun 16 dekabr, 2025 yil, seshanba

КИР

Qanday hazillar harom qilingan?

A A A
Qanday hazillar harom qilingan?

Ulamolar hazil-mutoyiba qilishning ikkita shartini bayon qilganlar:

Rost gap bilan bo‘lishi;
Me’yordan oshmasligi;

Hazillashish aslida rost narsalar bilan bo‘lgandagina haqiqiy ko‘ngil yozilishiga, undan ko‘zlangan maqsadlar hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Ammo shariatda harom qilingan narsalarni hazilga vosita qilish mumkin emas. Odatda, ko‘p tarqalgan quyidagi “hazil”lar musulmon kishi saqlanishi lozim bo‘lgan nojoyiz ishlar hisoblanadi:

Hazillashib qo‘rqitish. Hazillashib qo‘rqitishning ommalashgan bir qancha ko‘rinishlari bor:

– yuziga turli niqoblar taqib birovni qo‘rqitib “hazillashish”;

– yashirinib turib, birdan baqirib cho‘chitib “hazillashish”;

– biror narsasini yashirib qo‘yib “hazillashish”.

Bunday “hazil”larning halol emasligiga ulamolar quyidagi hadisni dalil qilib keltirganlar:

عَنْ عَبْدِ الرَّحْمَنِ بْنِ أَبِى لَيْلَى قَالَ: حَدَّثَنَا أَصْحَابُ مُحَمَّدٍ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، أَنَّهُمْ كَانُوا يَسِيرُونَ مَعَ النَّبِىِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَنَامَ رَجُلٌ مِنْهُمْ فَانْطَلَقَ بَعْضُهُمْ إِلَى حَبْلٍ مَعَهُ فَأَخَذَهُ فَفَزِعَ فَقَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: » لَا يَحِلُّ لِمُسْلِمٍ أَنْ يُرَوِّعَ مُسْلِمًا «. رَوَاهُ اَبُو دَاوُدَ.

Abdurrahmon ibn Abu Laylodan rivoyat qilinadi: “Bizga Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sahobalari gapirib berdilar. Ular Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga yo‘lga chiqqanlarida ulardan bir kishi uxlab qoldi. Shu payt ulardan biri borib undagi arqonni olib qo‘ygandi. U (uyg‘ongach,) qo‘rqib ketdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon kishi uchun biror musulmonni qo‘rqitish halol bo‘lmaydi”, dedilar”. Abu Dovud rivoyat qilgan.  

Hazillashib yolg‘on gapirish. Hazillashish, aslida, rost narsalar bilan bo‘lgandagina haqiqiy ko‘ngil yozilishiga sabab bo‘ladi. Hazillashish da’vosi bilan yolg‘on gapirish biror holatda ham mumkin emas. Bu haqda hadisi sharifda bunday deyilgan:

عَنْ أَبِي أُمَامَةَ الْبَاهِلِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ  صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: « أنَا زَعِيْمٌ بِبَيْتٍ فِي رَبَضِ الْجَنَّةِ لِمَنْ تَرَكَ الْمِرَاءَ وَإنْ كَانَ مُحِقّاً وَبِبَيْتٍ فِي وَسَطِ الْجَنَّةِ لِمَنْ تَرَكَ الْكَذِبَ وَإنْ كَانَ مَازِحاً وَبِبَيْتٍ فِي أَعْلَى الْجَنَّةِ لِمَنْ حَسُنَ خُلُقُهُ ». رَوَاهُ أَبُو داوُدَ.

Abu Umoma Bohiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men haq bo‘lsa ham, tortishuvni tark qilgan kishiga jannat atrofida bir uy bo‘lishiga kafolat beraman. Hazillashuvchi bo‘lsa ham, yolg‘onni tark qilgan kishiga jannatning o‘rtasida bir uy bo‘lishiga kafolat beraman. Xulqi chiroyli bo‘lgan kishiga jannatning eng oliy joyida bir uy bo‘lishiga kafolat beraman”, dedilar. Abu Dovud rivoyat qilgan.

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

إِنِّى لَأَمْزَحُ وَلَا أَقُولُ إِلَّا حَقًّا (رَوَاهُ الطَّبَرَانِيُّ فِي الْكَبِيرِ.)

“Albatta, men ham hazillashman, ammo faqat haqni gapiraman”. Tabaroniy “Kabir”da rivoyat qilgan.

Yolg‘on hazillar, odatda, ko‘proq odamlarni kuldirish uchun ishlatiladi. Kim odamlarni kuldirish uchun yolg‘on gapirar ekan, bu ishi bilan o‘ziga hadisda xabar berilgan “vayl”ni sotib olayotgan bo‘ladi. Bu haqda hadisi sharifda bunday deyilgan:

عَنْ بَهْزِ بْنِ حَكِيمٍ، قَالَ: حَدَّثَنِى أَبِى، عَنْ أَبِيهِ، قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: » وَيْلٌ لِلَّذِى يُحَدِّثُ فَيَكْذِبُ لِيُضْحِكَ بِهِ الْقَوْمَ وَيْلٌ لَهُ وَيْلٌ لَهُ «. رَوَاهُ اَبُو دَاوُدَ.

Bahz ibn Hakimdan rivoyat qilinadi: “Menga otam o‘z otasidan hadis aytdi: “Men: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Odamlarni kuldirish uchun yolg‘on gapiradigan kimsaga vayl bo‘lsin, unga vayl bo‘lsin, unga vayl bo‘lsin”, deyayotganlarini eshitdim”. Abu Dovud rivoyat qilgan.

Hadisi sharifda kelgan “Vayl bo‘lsin” so‘zi “holiga voy bo‘lsin” yoki “vayl do‘zaxi bo‘lsin” ma’nosida bo‘lib, bu so‘z Qur’oni karimda odamlarni aldab savdo qiladiganlarga hamda  g‘iybatchi va odamlarni masxara qiladiganlarga nisbatan qo‘llangan. Odamlarni kuldirish uchun yolg‘on gapiradigan kimsaning ham holiga voy bo‘lishi yoki vayl do‘zaxiga kirishi ushbu hadisda bayon qilingan.

Hazillashib birovlarni tahqirlash. Hazillashish da’vosi bilan insonlarni tahqirlash mumkin emas. Masalan, qishloqliklarni yo shaharliklarni, yoki muayan kasb egalarini tahqirlab, “hazillashish” mumkin emas. Chunki Qur’onda bunday “hazil” qilishdan qaytarilgan:

“Ey mo‘minlar! (Sizlardan) biror qavm (boshqa) bir qavmni  masxara qilmasin! Ehtimolki, (masxara qilingan qavm) ulardan  yaxshiroq bo‘lsa. Yana (sizlardan) ayollar ham boshqa ayollarni (masxara qilmasin)! Ehtimolki, (masxara qilingan ayollar) ulardan yaxshiroq bo‘lsa. O‘zlaringizni (bir-birlaringizni) mazax qilmangiz va bir-birlaringizni laqablar bilan atamangiz” ("Hujurot" surasi, 11-oyat).

Ushbu oyati karimada dinimizning go‘zal axloqlari bayon qilingan:

Insonlarni masxara qilish mumkin emas;
so‘z bilan ham, biror imo-ishora bilan ham birovning ustidan kulish mumkin emas;
birovlarga yomon laqab qo‘yish mumkin emas;

Hazillashib birovlarni haqorat qilish va tuhmat gaplarni aytish. Ba’zi kimsalar o‘rtoqlarini so‘kib, haqorat qilib yoki unga nisbatan bo‘hton gaplarni aytib go‘yoki “hazil” qilishadi. Aslida bunday gaplar hazil emas, balki musulmon kishi uchun mutlaqo nojoyiz bo‘lgan odobsizlikdir.

Shuningdek musulmon kishi iymon-e’tiqodga taalluqli so‘zlarni hazil qilib gapirishdan saqlanish lozim. Chunki bitta so‘zni ishonch bilan talaffuz qilish kishining mo‘min bo‘lishiga sabab bo‘lganidek, iymondan chiqib qolishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.

Abdulqodir ABDUR RAHIM

Manba: azon.uz

Kiritildi: 14:05 25.11.2018. O'qildi: 6737 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!