Bugun 19 may, 2026 yil, seshanba

КИР

Qamoqdagi otadan aliment qanday undiriladi?

A A A
Qamoqdagi otadan aliment qanday undiriladi?

— Nabiralarim uchun uch yildan beri aliment ololmayapmiz. Uni undirib berishi uchun MIBga murojaat qilgandik, sobiq kuyovim qamalganini bildik. Kuyovim aliment to‘lamaganligi uchun emas, boshqa aybi bilan qamoqqa olingan. Ushbu vaziyatda aliment undirish uchun biz nima qilaylik? Qayerga murojaat etaylik? Alimentni qanday undiramiz?.. Yoki kuyovimning o‘rniga ota-onasidan undirishimiz, yo mol-mulkiga qaratilishi mumkinmi?..
Ismi sir tutildi

Jamshid SHAROPOV, fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi sudyasi:
— Alimentdan qarzi bor ota hisbga olingan yoki u tergov ostida bo‘lsa, Majburiy ijro byurosining davlat ijrochisi «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonunga asosan, undiruvni jazoni o‘tayotgan qarzdorning ish haqiga qaratish choralarini ko‘radi. Jazoni ijro etish koloniyalarida, tarbiya koloniyalarida va qamoqxonalarda jazoni o‘tayotgan shaxslardan, shuningdek, tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini ijro etuvchi muassasalarda saqlanayotgan shaxslardan undiruv O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksida belgilangan tartibda butun ish haqidan amalga oshiriladi.
Har qanday holatda ham aliment undirish haqidagi sudning hal qiluv qarori yoki sud buyrug‘i O‘zbekiston Respublikasining «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risidagi» Qonuniga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining davlat ijrochisi tomonidan amalga oshiriladi. Aliment undirish haqidagi ijro hujjati sud tomonidan MIBga yuborilgandan so‘ng Davlat ijrochisi ijro hujjatini olgan paytdan e’tiboran bir ish kuni ichida ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror chiqaradi. Ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qaror nusxasi u chiqarilgan kunning ertasidan kechiktirmay undiruvchiga, qarzdorga, shuningdek, hujjati ijro etilishi lozim bo‘lgan sud yoki boshqa organga yuboriladi. Demak, har qanday holatda undiruvchi aliment undirish masalasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining tegishli bo‘limiga murojaat qilishi lozim.
Agar aliment to‘lovchi ota ozodlikdan mahrum qilinsa, davlat ijrochisi aliment undirish haqidagi ijro hujjatini tegishli tartibda aliment undirish choralarini ko‘rish uchun jazoni ijro etish muassasasiga yuboradi. Mazkur holatda aliment jazoni ijro etish koloniyalarida, tarbiya koloniyalarida va qamoqxonalarda jazoni o‘tayotgan shaxslardan, shuningdek, tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini ijro etuvchi muassasalarda saqlanayotgan shaxslardan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksida belgilangan tartibda butun ish haqidan amalga oshiriladi.
Aliment to‘lovchi ozodlikdan mahrum etilsa, uning o‘rniga alimentni ota-onasidan undirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Amaldagi qonunchiligimizda bobo va buvining o‘z nevaralariga ta’minot berish majburiyati alohida ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, ota-onasi yo‘q bo‘lgan yoki ulardan ta’minot ololmaydigan voyaga yetmagan nevaralariga ta’minot berish majburiyati yetarli mablag‘ga ega bo‘lgan bobo va buvi zimmasiga yuklatilishi mumkin. Voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj nevaralarning ota-onasi, eri yoki xotini va voyaga yetgan mehnatga layoqatli bolalari bo‘lmasa yoxud ulardan ta’minot uchun mablag‘ ololmasa, ularga nisbatan ham bu majburiyat bobo va buvining zimmasiga yuklatilishi mumkin. Boshqa holatlarda bobo va buvidan ta’minot olishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Agar aliment to‘lovchi ozodlikdan mahrum etilsa va uning aliment qarzdorligi mavjud bo‘lsa, mavjud aliment qarzdorligi qarzdorning ko‘chmas mol-mulkiga qaratilishi mumkin. Bu O‘zbekiston Respublikasining «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonuniga asosan, davlat ijrochisi tomonidan amalga oshiriladi.

Kiritildi: 10:49 25.04.2023. O'qildi: 3892 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!