8 yanvar kuni tushdan so‘ng Qamchiq dovonidagi zaxira yo‘l taqiqlangan qismiga sayohat qilgan guruh bilan fojia yuz berdi.
Guruhda 8 kishi bo‘lgan, ulardan biri 31 yoshli fuqaro yo‘lning chetroq qismida selfi qilayotgan vaqtda yiqilib tushgan. Yordam bermoqchi bo‘lgan yana bir sherigi uning oldiga tushgach, ularning ustiga bir necha metrlik qor uyumi tushib ketgan. Natijada fuqarolar vafot etgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi holatni Kun.uz'ga tasdiqladi.
Ma’lum bo‘lishicha, holat Toshkent-Andijon-O‘sh avtomobil yo‘lining 141-kilometrida sodir bo‘lgan. Ushbu hudud zaxira yo‘l bo‘lib, faqat maxsus texnikalar uchun harakatlanish mumkin bo‘lgan. FVV qutqaruvchilari sheriklarining chaqiruvidan so‘ng darhol yetib borgan. Hozirda jasadlar olib chiqilgan.