Kaliningradda yoshi 35-40 million yil bo‘lgan qadimiy suvarakli qahrabo qazib olindi, deya xabar berdi Qahrabo kombinati matbuot xizmati.
"Rostex" davlat korporasiyasining Kaliningrad qahrabo kombinatida to‘liq saqlanib qolgan qazilma suvarakli inklyuz qazib olindi. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu qadimiy hasharotning yoshi 35-40 million yilni tashkil etadi.
“Ushbu noyob namuna 2 avgust kuni VIII Xalqaro qahrabo forumi doirasida bo‘lib o‘tadigan noyob qahrabo kimoshdi savdosida markaziy lotlardan biriga aylanadi", — deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, inklyuz qo‘lda saralash jarayonida topilgan va uning og‘irligi atigi yetti grammni tashkil qiladi. Blattodea turkumiga mansub hasharot 41 ga 21 millimetr o‘lchamdagi asal qahrabo bo‘lagida muhrlangan bo‘lib chiqdi.
Suvarak qadimgi qatron (smola) ichida qotib qolgan, yuzaga yaqin joylashgan, bu esa hasharotning qanotlari, panjalari va boshini batafsil ko‘rib chiqish imkonini beradi.
"Bu biz o‘rgangan qahraboning juda qiziqarli namunasi. U so‘nggi besh yil ichida biz kashf etgan suvaraksimonlarning eng yirik vakillaridan biridir. U kamida 35-40 million yoshda", — deydi Kaliningrad qahrabo kombinatining gemmolog mutaxassisi Anna Dugina.
Millionlab yillar oldin issiq nam iqlim va o‘rmon yong‘inlari tufayli qadimgi daraxtlarning qatroni suyuq holatda qolib, turli xil jonzotlar uchun tuzoqqa aylangan.
Hasharotlar unga shamol oqimi bilan kirgan, boshqalari yaltiroq yuzaga tortilgan, ba’zilari esa kutilmaganda tushayotgan tomchiga tushib qolgan. Ular yopishgandan so‘ng, yangi qatlamlar qatron bilan qoplangan. O‘rtacha olganda, inklyuziyalar qazib olinadigan qahraboning umumiy hajmining 7-9% ni tashkil qiladi.