Ma’lumki, shu yilning 21-27-may kunlari sog‘lom, chiqindisiz va foydali xususiyatga ega turk oshxonasi haftaligi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda darak.uz xabar berdi.
Ushbu haftalikda Turkiyaning oshpazlik merosini keng auditoriyaga namoyish etish bilan birga mamlakatning yetakchi oshpazlari pishirgan maxsus taomlar ham taqdim qilindi.
Kecha Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasida ana shu haftalikning yakuniy bosqichiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Turkiya Respublikasi Administrasiyasi homiyligida o‘tkazilgan ushbu tadbirda asrlar osha davom etib kelayotgan turk an’anaviy taomlarining tayyorlanish usullari va kelib chiqish tarixi haqida so‘z bordi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi O‘lg‘an Bekar ba’zi turk taomlari judayam qadimiy ekanligi va bugungi kunda boshqa xalqlar orasida turk taomlariga bo‘lgan qiziqish kundan-kunga kuchayayotganligi hamda kelgusida bu kabi turk oshxonalarini butun dunyo bo‘ylab targ‘ib qilish rejalashtirilayotganligi haqida to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilar mazali va foydali xususiyatlarga boy bo‘lgan turk taomlaridan tatib ko‘rishdi.