28 fevral Oq uydagi voqealarning yagona g‘olibi Rossiya prezidenti Vladimir Putin bo‘ldi. Yle nashrining xabar berishicha, bu haqda Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb Donald Tramp va Vladimir Zelenskiyning ochiq tortishuvga aylanib ketgan uchrashuviga izoh berar ekan, ma’lum qildi.
"Bu diplomatik muvaffaqiyatsizlik edi, aslida faqat bitta g‘olib bor edi va u hatto u yerda ham bo‘lmagan. Bu Vladimir Putin," - dedi Stubb Ykkösaamu teleko‘rsatuvida.
Stubb Oq uydagi voqealarni "qayg‘uli" va "tarixiy" deb ta’riflagan.
"Men katta bo‘lganimdan beri xalqaro siyosat va diplomatiya bilan shug‘ullanaman va hech qachon bunday narsani omma oldida ko‘rmaganman. Yopiq eshiklar ortida turli xil muhokamalarni kuzatish mumkin, ammo juma kuni kameralar oldida sodir bo‘lgan voqealar juda kam uchraydi," - deya qo‘shimcha qildi u.
Stubbning aytishicha, Finlyandiya tinchlikka erishish uchun uch bosqichli dastlabki reja ishlab chiqqan. Birinchi bosqich Ukrainani harbiy, siyosiy va iqtisodiy jihatdan kuchaytirish hamda Rossiyaga nisbatan maksimal darajada bosim o‘tkazishni ko‘zda tutadi.
"Ukraina xavfsizlik masalalarida yetakchi mavqega ega bo‘lishi, ammo bunda Yevropa va AQSh yordamida ish yuritishi lozim," - deb ta’kidladi Stubb.