Trampning fikricha, Putin Zelenskiyga qaraganda tinchlik kelishuvini ko‘proq istaydi.
AQSh prezidenti yana Ukrainadagi urush davom etayotgani uchun javobgarlikni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy zimmasiga yukladi. Reuters muxbiri undan nega AQSh vositachiligida olib borilayotgan muzokaralar haligacha harbiy harakatlarni to‘xtatishga olib kelmagani haqida so‘radi. Donald Trampning javobi qisqa bo‘ldi: «Zelenskiy». Uning bahosiga ko‘ra, Vladimir Putin Ukraina rahbariyatiga nisbatan kelishuv tuzish va janglarni to‘xtatishga ko‘proq tayyor.
Bu bayonot Yevropada ochiq norozilikka sabab bo‘ldi. Polsha bosh vaziri Donald Tusk X ijtimoiy tarmog‘ida Trampga ochiqdan-ochiq e’tiroz bildirdi: uning aytishicha, tinchlik rejasini Zelenskiy emas, aynan Rossiya rad etgan. «Rossiyaning yagona javobi Ukraina shaharlariga yangi raketa zarbalari bo‘ldi», — deb yozdi Tusk. Polsha siyosatchisining fikricha, muammoning yagona yechimi — Rossiyaga bosimni kuchaytirish. «Buni sizlar yaxshi bilasizlar», — deya qo‘shimcha qildi u.
Zelenskiyning o‘zi ham 15 yanvar kunigi kechki videomurojaatida bunga javob qaytardi:
«Ukraina tinchlikka to‘sqinlik qilmagan va hech qachon qilmaydi».
Shu bilan birga, Moskva keyingi muzokaralarga tayyor ekanini bildirmoqda. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov TASS agentligiga AQSh muzokarachilari Stiv Uitkoff va Jared Kushnerning yaqin orada tashrif buyurishidan umid qilayotganini aytdi:
«Amerikalik muzokarachilar bilan aloqa qilish kanallari ishlashda davom etmoqda. Bu muloqot ketyapti. Sanalar kelishib olingach, bunday tashrif bo‘lishiga umid qilamiz».
Dekabr oyida AQSh vakillari Putin bilan urushni yakunlash ehtimoli haqida allaqachon muzokaralar o‘tkazgan edi. Shundan so‘ng amerikaliklar Ukraina va Yevropa davlatlari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi. Endi esa Moskva yana muzokaralar stoliga qaytish istagini bildirmoqda.