Putin va Lavrov G‘arb bilan muzokaralarda yaxshi va yomon polisiyachi o‘yinini o‘ynashmoqda – Germaniyaning sobiq elchisi.
Germaniyaning Moskvadagi diplomatik missiyasini 2014 yildan 2019 yilgacha boshqargan Ryudiger fon Frich Rossiya rasmiylarining muzokara olib borish uslubi haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. U Angela Merkel, Frank-Valter Shtaynmayer va boshqa siyosatchilarning Vladimir Putin hamda uning maslahatchilari bilan bo‘lgan uchrashuvlarida ishtirok etgan.
Bild gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Paul Ronsxaymerning podkastida fon Frich Putin va Sergey Lavrov muzokaralarda AQSh filmlaridagi kabi "yaxshi va yomon polisiyachi" sxemasidan foydalanishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti o‘zini "yaxshi", tashqi ishlar vaziri esa "yomon" qilib ko‘rsatgan. Bundan tashqari, Lavrov ko‘pincha "aybni boshqaga ag‘darish" usulidan foydalangan.
"Agar men haqiqatan ham yomon ish qilgan bo‘lsam, barmog‘im bilan sizga ishora qilib: "Bu sizning aybingiz! Markaziy razvedka boshqarmasi Maydanda davlat to‘ntarishini tashkil qildi, NATO kengaydi, shuning uchun, afsuski, biz o‘zimizni himoya qilishga majburmiz... deyman. Agar G‘arb arboblari bu usul bilan tanish bo‘lmasa yoki unga tayyor bo‘lmasa, ularni aybdor his qilishga majburlash juda oson", — deydi nemis diplomati.
Uning aytishicha, TIV rahbarining tanbehidan so‘ng "ikkinchi suhbat boshlanadi, bunda siz prezidentning oldiga borasiz va u juda do‘stona va xotirjam bo‘lib ko‘rinadi, yoqimli gaplarni aytadi". Fon Frich Putinni muloqotda "o‘ta vazmin" deb atadi, uning bu do‘stona munosabati uzoqqa cho‘zilmasligini ham qo‘shimcha qilib o‘tdi.
"Birdan u xanjarini chiqaradi va zarba beradi. Bu juda xayrixoh bo‘lib tuyuladigan, ammo keyin to‘satdan ulkan tajovuzkorlik bilan avj oladigan muloqot taktikasidir. To‘liq nazoratning tashqi qatlami ostida yashirin tajovuzkorlik yashiringan", – deya ta’kidladi Ryudiger fon Frich.